O‘zbekiston | 21:39 / 10.05.2021
47622
4 daqiqa o‘qiladi

Qozoqboy Yo‘ldoshev: «Shu deputatlar bilan bir havodan nafas olayotganim uchun nomus qilaman»

Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev «Davlat tili haqida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining 12-moddasiga qarshi chiqayotgan deputatlar haqida fikr bildirdi.

«Til – nihoyatda og‘riqli muammo. Til haqida munosabat bildirib fikr aytsam, hamisha bir jazava bilanmi, qandaydir bir ehtiros bilan gapiraman. Holbuki, til haqida ehtirossiz gapirib bo‘lmaydi.

Onangni shunchaki himoya qila olmaysan, otangni shunchaki qo‘riqlay olmaysan. Chunki uni muhabbat tufayli qo‘riqlaysan. Ona tili haqida ham, ota tili haqida ham ana shunday jazava bilan gapirishga mahkummiz. Shunchaki bemalol, xotirjam gapiradigan mavzu emas bu», – deydi professor Rost.24 saytiga bergan intervyusida.

Qozoqboy Yo‘ldoshevga ko‘ra, o‘zbek jamiyatida ro‘y bergan holat, ya'ni «Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan taklif qilingan qonun loyihasi boshqa partiyalar tomonidan qabul qilinmagani, o‘tkazilmagani –millatimiz sha'niga hech ketkazib bo‘lmaydigan dog‘dir.

«O‘zining uyida o‘zining tilida gapirishni istamaydigan odamlarni deputat qilib qo‘ygan xalqmiz. Deputat degani millat vakili degani.

Millat vakiliki, o‘zining tiliga qarshi turgan bo‘lsa, bunday millatning bor-yo‘qligi haqida o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.

Men ana shunday odamlarga ovoz berganim uchun, ana shunday odamlar bilan bir havodan nafas olayotganim uchun, shular bilan o‘zbek degan millatning nomini tashiyotganim uchun nomus qilaman. Ana shunday odamlar bilan chog‘dosh bo‘lganim uchun ham, millatdosh bo‘lganim uchun ham, vatandosh bo‘lganim uchun ham nomus qilaman deb bemalol ayta olaman. Chunki o‘z uyingda, o‘z yurtingda, o‘z millating tilini oldinga surishni istamayapsan ekan, demak sen kimnikidirsan. O‘zbekniki emassan.

Fakt shuni ko‘rsatadiki, 123 kishidan 65 kishi, yarmidan ko‘pi qarshi ovoz berishi – o‘z ota tilining ravnaqiga qarshi bo‘lishi bu...

Tashqaridan kelgan yovlarga qurolli kuchlarni qarshi qo‘yish mumkin ekan-u, ichingdan chiqqan dushmanga, o‘zini anglamagan manqurtlarga qarshi turish bu endi bizning millatimiz qismatida bor narsa ekan-da. Mana shunday vaqtda millat uyg‘onmog‘i kerak bo‘ladi. Lekin millatning eng ilg‘or qismi, millat vakillari shu ahvolda bo‘ladigan bo‘lsa, bu millatning kelajagi haqida yomon gumonlarga, yomon xavotirlarga tushib qolishingiz tabiiy.

O‘zining farzandlariga emas, noma'lum bo‘lgan kimlargadir noqulay bo‘lmasligini istaydigan bizning «mehribon» millat vakillarimiz 30 milliondan oshiq o‘zbekning yuziga oyoq qo‘ydi. O‘zbekning puli hisobiga kun ko‘rib turib shularning ko‘kragini ko‘tarib, istagan bir idoraga tap tortmay kirib, o‘zining tilida gapirib, o‘zining tilida yozib yurish imkoniyatini cheklashga harakat qilyapti bular.

Bilmayman, bunga farosati yetib qilyaptimi, yetmay qilyaptimi. Agar yetib qilayotgan bo‘lsa, bu dushmanlar, agar farosati yetmayotgan bo‘lsa, joyini bo‘shatib qo‘yishi kerak», – deydi u.

Mavzuga oid