O‘zbekiston | 12:35 / 29.04.2021
22629
6 daqiqa o‘qiladi

XDP vakili til qonuni masalasida partiya pozitsiyasiga qarshi chiqqanlarni «ongsiz olomon» deb atadi

XDP fraksiyasi a'zosi Ulug‘bek Vafoyev

Qonunchilik palatasi deputati, XDP fraksiyasi a'zosi Ulug‘bek Vafoyev «Davlat tili haqida»gi qonun loyihasining 12-moddasi bo‘yicha partiya tutgan pozitsiyaga qarshi bo‘lganlarni «ongsiz olomon», deb atadi. U bu haqdagi fikrlarini o‘zining Facebook sahifasida qoldirgan.

«XDPni toshbo‘ron qilishga bel bog‘lagan ongsiz olomonga tushunarli bo‘lishi uchun soddaroq tushuntirdik», deb yozgan siyosatchi partiya media xizmati tomonidan tayyorlangan quyidagi suratga izoh berib.

Deputatning bu posti ommaviy muloqot tarmog‘i foydalanuvchilarining keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

«Men partiyaning bir ovozdan qarshi chiqqanini qoralayman. Garchi o‘zim shu partiya a'zosi bo‘lsam-da», – deydi foydalanuvchilar biri.

Boshqa bir tarmoq foydalanuvchisi esa partiyani «qo‘g‘irchoq kommunistlar» deb yozadi.

«O‘zbekistonda fuqaro sifatida muqim yashar ekan, hech bo‘lmasa, shunday oddiy so‘zlashuv darajasida hamma o‘zbek tilini bilishi shart deb o‘ylayman. Aslida biladi, faqat aniq me'yor bo‘lmagani uchun ishlatmaydi yoki ishlatishni xohlamaydi», – deydi Mirzohid Qodirov ismli foydalanuvchi.

E'tibor Qurdosheva nomli foydalanuvchi esa partiya vakillari va tarmoq foydalanuvchilariga quyidagi mazmunda savol tashlaydi:

«O‘z tilini himoya qilgan xalq olomon hisoblansa, XDP degan partiya qaysi yurtning partiyasi ekan? O‘z tilini hurmat qilmagan deputatlar millatni hurmat qiladi deb kim ayta oladi?»

Kun.uz muxbiri Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Vafoyevning o‘zi bilan bog‘landi va post bo‘yicha to‘liqroq izoh berishni so‘radi.

«Bu fikr masalaning mohiyatiga yetmay, tushunmay, o‘rganmay turib, faqat «dedi-dedilar» bilan fikr yuritayotganlarga aytilgan. Ayrimlar bu gapni saylovchilarga, xalqqa aytilgan deb har tomonga burishga harakat qilyapti. O‘zi aslida masala shundan boshlandiki, hukumat tomonidan «Davlat tili haqida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi kiritilgan. Bu bir yil davomida Qonunchilik palatasida qo‘mita tomonidan muhokama qilindi. Deputatlar ishtirokida bir yil davomida maromiga yetkazildi. Bunda XDP partiyasi ham ishtirok etgan.

Partiya hukumat tomonidan kiritilgan qonunni qo‘llab-quvvatladi, birorta moddasiga qarshi bo‘lgani yo‘q. Lekin o‘rtada «Milliy tiklanish» partiyasi loyihaga o‘z takliflarini bera boshladi. Bunda biz shu partiya bergan takliflargagina qarshi bo‘lganmiz. Odamlar buni bizning qonun loyihasiga qarshiligimiz emas, balki «Milliy tiklanish»ning takliflariga qarshiligimiz deb tushunishi kerak», – dedi siyosatchi.

Unga ko‘ra, hukumat tomonidan quyi palataga kiritilgan qonun loyihasining 12-moddasida «fuqarolar davlat organlariga istalgan tilda murojaat qilishlari mumkin», – deb yozilgan bo‘lgan.

Ulug‘bek Vafoyevga ko‘ra, «Milliy tiklanish» partiyasi murojaat degan so‘zni faqat yozma deb tushunyapti.

«Lekin murojaat og‘zaki ham bo‘lishi mumkin. Bu – partiya vakillarining «xomligi», – ta'kidladi deputat.

U Kun.uz muxbiri tomonidan berilgan «Har qanday davlatda ham fuqarolar davlat organlariga davlat tilida murojaat qiladi, nega O‘zbekistonda bunday bo‘lmasligi kerak?» mazmunidagi savolga «hamma joyda ham emas», deya javob berdi. Ammo u davlat organlariga istalgan tilda murojaat qilinadigan mamlakat yodida emasligini aytib, bu bo‘yicha qo‘mitalarda ma'lumot borligini bildirdi.

Gap nimada o‘zi?

27 aprel kuni Qonunchilik palatasi yalpi majlisida har doim ham bo‘lavermaydigan qarama-qarshiliklar kuzatildi.

«Davlat tili haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar loyihaning 12-moddasi bo‘yicha ikkita katta tarafga bo‘linishdi.

Natijada loyiha qabul qilinmay, muhokamasi uchinchi o‘qishga qoldi. Bunda Xalq demokratik partiyasi deputatlarining «xizmati» katta bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Loyihaning 12-moddasida nima deyilgan?

Moddaning «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi tomonidan taklif etilgan tahririda:

  • jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta'minlanishi;
  • boshqa tillarda murojaat qilingan taqdirda murojaat matnining davlat tiliga tarjimasi ilova qilinishi shartligi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar davlat tilida bayon qilinishi nazarda tutilgan.

Moddaning Qonunchilik palatasi Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan taklif qilinayotgan tahririda esa:

  • Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta'minlanishi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinishi nazarda tutilgan.

12-moddaning «Milliy tiklanish» taklif etgan tahririda davlat tili mavqeyini ko‘tarishga qaratilgan qoidalar belgilangan. Qo‘mita ilgari surgan variantda esa davlat tilini rivojlantirish emas, uning shu paytgacha bo‘lib kelgan beqadrligini yanada mustahkamlaydigan qoidalar aks etgan.

Mavzuga oid