O‘zbekiston | 18:10 / 21.05.2021
7415
2 daqiqa o‘qiladi

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda imtihon kunlari hamda tartibi ma'lum qilindi

AOKAda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida ijod maktablariga qabul va imtihon jarayonlari tartibi hamda talablari to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Dilfuza Sobirova

Ma'lum qilinishicha, ijod maktablarining 1-bosqich saralash imtihonlari 2021 yil 5 iyuldan 13 iyulga qadar, 2-bosqich (test sinovlari) 2021 yil 15 iyuldan 20 iyulga qadar tashkil etiladi.

Ijod maktablarida 1-bosqich (ijodiy sinovlar) natijalari sinov o‘tkazilgan kundan boshlab 5 kun muddat ichida e'lon qilinadi. 2-bosqich (test sinovlari) natijalari esa sinov o‘tkazilgan kundan 3 kun o‘tib e'lon qilinadi.

Agentlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova mazkur maktablarda yo‘lga qo‘yilgan yangi yo‘nalishlar haqida ma'lumot berdi.

“Ijod maktablarida nafaqat adabiyot, balki tarjimonlik, jurnalistika, zamonaviy medianing SMM sohasi bo‘yicha ham bilim berish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, chet tillari, xususan, ingliz, nemis va fransuz tillari ham  chuqurlashtirilgan dastur asosida tez va oson o‘rgatiladi.

Shu bilan birga, endilikda ijod maktabi o‘quvchilari eski o‘zbek yozuvi hamda notiqlik san'ati bo‘yicha ham bilim olishadi.

Mazkur maktablarda o‘quvchi davlat ta'lim standartlari doirasida fundamental bilim, malaka va ko‘nikmaga ega bo‘ladi hamda o‘z qiziqish va layoqatiga ko‘ra ta'limni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirishi mumkin.

Ijod maktablarida ijodkorlikka iqtidori yuqori bo‘lgan yoshlarga chet tillar va adabiyotni chuqurlashtirib o‘qitish orqali bo‘lajak til tadqiqotchilari, matnshunoslar, tarjimonlar, jurnalistlar, media mutaxassislari hamda she'riyat, nasr, dramaturgiya, publitsistika yo‘nalishlarida ijod qilish asosini egallab, ulardan birida ijodiy mashq qila olishlari rag‘batlantiriladi. Yana qo‘shimcha tarzda maktabda tahsil olishlari davomida maktab o‘quvchilarida kamida bitta zamonaviy va bitta milliy kasblar bo‘yicha ko‘nikmalar hosil qilish ko‘zda tutilgan”, dedi u.

Mavzuga oid