Jahon | 23:33 / 03.06.2021
11507
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «Shimoliy oqim-2» bo‘yicha muzokaralarda qatnashish talabi bilan chiqdi

Ukraina Germaniya hukumatiga murojaat qilib, o‘zini AQSh bilan «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri bo‘yicha muzokaralarga qo‘shishni talab qildi. Bu haqda Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnik ma'lum qilgan.

Elchining ta'kidlashicha, agar Berlin va Vashington o‘rtasidagi ushbu «bitim» Ukraina hisobiga amalga oshirilsa, bu o‘zaro ishonch uchun «falokat» bo‘ladi. 

«Shimoliy oqim-2» iqtisodiyot va avvalambor xavfsizlik nuqtayi nazaridan Ukrainaning yuragiga zarba hisoblanadi. Shu sababli Ukraina ushbu o‘ta xavfli loyiha bo‘yicha Germaniya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etishini talab qilmoqda. Biz ham bir stol atrofida o‘tirib, ovoz berish huquqiga ega bo‘lishimiz lozim», deb aytgan Melnik Die Welt nashriga bergan intervyusida.

Avvalroq Oq uy Germaniya kansleri va AQSh prezidenti maslahatchilari «Shimoliy oqim-2» qurilishidan Ukraina va Yevropaga solinadigan xavflarni muhokama qilishganini ma'lum qilgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya gaz quvurini bitkazadigan bo‘lsa, u holda Ukrainani «aniq» gaz ta'minotidan uzib qo‘yishini aytgan. Shu bilan birga, u Germaniya Ukrainaga hech qanday harbiy yordam ko‘rsatmayotganidan shikoyat qilgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bunga javoban Kiyevga qurol yetkazilishi Donbassdagi ixtilofni yakunlashga yordam bermasligini aytgan.

Mavzuga oid