O‘zbekiston | 17:12 / 13.11.2021
9142
3 daqiqa o‘qiladi

Ortiqcha fanlar, auditoriyalar yetishmasligi, mustaqil ta'lim masalasi - oliy ta'lim vaziri OTMlardagi muammolar haqida

Oliy ta'lim vaziri OTMlardagi ta'lim sifati va kredit-modul tizimidagi beshta muammoga to‘xtaldi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

13 noyabr kuni oliy ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish, kredit-modul tizimini tatbiq etishdagi muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazir OTMlardagi besh asosiy muammoni sanadi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Birinchidan, OTMlarda o‘quv rejalaridagi fanlar kredit-modul tizimining talab va maqsadlariga mos kelmaydi; aksariyat muassasalarda tizimdagi o‘quv rejaga eski o‘quv rejadagi fanlar ko‘r-ko‘rona ko‘chirilgan. Ushbu fanlar soatlari kreditlarda hisoblangan holda shakli o‘zgartirilgan, xolos. O‘quv rejalarini TOP-500talikka kirgan universitetlar o‘quv rejalari asosida jiddiy ko‘rib chiqish kerak.

Vazirlik huzuridagi ta'limni rivojlantirish markazi rahbari almashdi, yana 80 foiz xodimi almashadi.

Ikkinchidan, talabalarning mustaqil ta'limi to‘g‘ri tashkil etilmagan. O‘zi kredit-modul tizimi professor o‘qituvchi uchun rohati jon bo‘lishi kerak, ya'ni biz talabaning mustaqil ishlashi uchun katta yo‘l ochib, ilm qilishimiz uchun imkoniyat qilishimiz kerak. Kafedralar, boringki, vazirlik bu borada o‘qituvchilarning yukini yengil qilmadi.

Uchinchidan, fan dasturlari, sillabuslarning talabga javob bermasligi. Talaba shunga qarab fanni tanlaydi. Qaysidir OTM talabaga fanning majmuasini bergan: siz tanlang, biz o‘qitamiz deb, lekin hammasi ham emas.

To‘rtinchidan, fanlarni tanlashda talabaga qiyinchilik tug‘diruvchi tizim yaratilgan. Ortiqcha fanlarning mavjudligi talabalarda fanni to‘g‘ri tanlash imkoniyatini pasaytirmoqda. Ming afsuski, bunda vazirlikning ham aybi bor. Agar eplolmasa, vazirlikning yana 50 foiz xodimi almashadi.

Beshinchidan, ma'ruza zallarida auditoriya sig‘imining kamligi hamda bu yo‘nalishda cheklovlar mavjudligi. Aksariyat OTMlarda auditoriyalar yetishmasligi tufayli darslar onlayn yoki bir necha smenada tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, o‘qituvchilar yetishmasligi tufayli ma'ruza darslari hali malakasi bo‘lmagan yosh o‘qituvchilarga berilgan.

100-500 kishi o‘tirib o‘qiydigan auditoriyalar bilan dars soatlarini muvofiqlashtirish kerak. Bu ham xorijiy tajriba”, — dedi vazir.

Ma'lumot uchun, vazir boshchiligidagi yig‘ilish va seminar-treningda 96 ta davlat oliy ta'lim muassasalaridan 24,5 ming ishtirokchi ZOOM platformasi orqali qatnashdi.

Mavzuga oid