Jamiyat | 20:46 / 11.05.2022
18296
3 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva “Mehrli maktab” o‘quvchilaridan xabar oldi

“Zamin” fondi loyihasi doirasida tashkil etilgan O‘zbekistondagi ilk gospital-maktabda uzoq muddat davomida davolanayotgan hamda maktab yoki bog‘chaga borish imkoniyati bo‘lmagan bolalar ta’lim olmoqda.

Foto: Zamin fondi

Bu yerda ular ota-onalarining ishtirokida reabilitatsiya, moslashuv va ijtimoiylashuv jarayonlaridan ham o‘tmoqda. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar qildi.

11 may kuni fond Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva maktabga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi, pedagoglar va ota-onalarga dalda berib, bolajonlar bilan suhbatlashdi.

Ta’kidlanishich, “Mehrli maktab” – faqatgina o‘quv muassasasi emas. Maktab O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalish – gospital pedagogika sohasida zarur metodologiyani yaratish uchun ham ilmiy va amaliy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

PS: Mirziyoyeva Ziroát Maxmúdovna (1964 yil 4 dekabr kuni tug‘ilgan, Qo‘qon shahri, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston SSR) – jamoat arbobi, muhandis-iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rafiqasi.

Ziroat Mirziyoyeva 1964 yil 4 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti) muhandis-iqtisodchi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Ikki nafar qizi va bir nafar o‘g‘li bor. Mumtoz va milliy musiqani xush ko‘radi, tarix bilan qiziqadi.

2020 yildan buyon O‘zbekistonda ochiq va inklyuziv muhitni yaratish orqali aholining yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshirayotgan “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisidir.

Fond faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat. Ko‘kalamzorlashtirish, havo sifati monitoringini avtomatlashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlar orasida ekologik ta’limni rivojlantirish, olis hududlarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Ijtimoiy va ekologik sohalardagi dolzarb masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida ham milliy, ham xalqaro darajada qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid