O‘zbekiston | 10:41 / 04.06.2022
15648
2 daqiqa o‘qiladi

PTMAga o‘tayotgan maktablar qanday shartlar bo‘yicha tanlab olinganiga izoh berildi

PTMA tarkibiga o‘tayotgan Xalq ta’limi vazirligiga tegishli bo‘lgan ayrim ixtisoslashtirilgan maktablarni tanlab olishda o‘quvchi qamrab olish quvvati, hududda kommunikatsiya rivojlangani kabi omillar o‘rganilgan.

Foto: Prezident ta’lim muassasalari agentligi

Prezident farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan ayrim ixtisoslashgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilayotgani e’lon qilingandi. Shundan so‘ng ota-onalar va jamoatchilik tomonidan maktablar qanday shartlar asosida tanlab olingani bo‘yicha savollar paydo bo‘lgandi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Kenjayevning izohlashicha, ixtisoslashtirilgan maktablarni hududlardan tanlab olish uchun Respublika komissiyasi tashkil qilingan.

Komissiya respublikadagi qariyb 500dan ortiq maktab va maktabga mos binolarni, boshqa vazirlik va tashkilotlar balansida turgan binolarni borib ko‘rib, o‘quvchini qamrab olish quvvati, aholi uchun qulayligini o‘rganib chiqqan.

“Bundan tashqari, aholining ishtiyoqi bor, oliy, birinchi toifali o‘qituvchilarga ega bo‘lgan hududlar ham alohida inobatga olindi. Barcha tuman va shaharlardagi aholi uchun qulay, transport vositalari qatnaydigan, kommunikatsiya rivojlangan joylar tanlab olindi”, – dedi agentlik vakili yangi o‘quv yili qabuliga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Mavzuga oid