Prezident farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan ixtisoslashgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilmoqda. Bu maktablarda o‘qitish qaytadan tashkil etiladi, o‘qituvchilar va o‘quvchilar qabuli yangidan amalga oshiriladi.
Kun.uz'ga Toshkentdagi ayni shunday maktablardan biri – aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab (AFIDUM) o‘quvchilarining ota-onalaridan maktab yopilishi bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Farmonga ko‘ra, maktab agentlik tasarrufiga o‘tishi va Olmazor tumani ixtisoslashtirilgan maktabiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
AFIDUM joriy yildan o‘z faoliyatini tugatib, qaytadan o‘quvchilarni qabul qiladi. Ota-onalar esa murojaatda bundan norozi ekanliklari, maktabda bolalariga yaxshi ta’lim berilayotgani, bolalari sarson bo‘lishini xohlamasliklarini bildirgan.
Xalq ta’limi vazirligi izohi
Aprel oyida ixtisoslashtirilgan maktablar mavzusi ko‘tarilganda Xalq ta’limi vazirligi masalaga munosabat bildirgandi.
“2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar tashkil etilishi belgilandi.
Agentlik maktablarida Prezident maktablari tajribasidan kelib chiqib, o‘quv jarayoni xalqaro ta’lim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib boriladi, o‘quvchilar xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va ta’lim muhiti yaratiladi, mazkur jarayonga xorijiy hamda mahalliy pedagog kadrlar jalb qilinadi, sun’iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etiladi”, deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, 2022/2023 o‘quv yilida agentlik maktablariga o‘quvchilar imtihon asosida, yangi aniq fanlar yo‘nalishiga 5–11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7–11-sinflarga qabul qilinadi (keyingi yillardan boshlab mos ravishda faqat 5- va 7-sinflarga qabul bo‘ladi).
Mazkur tanlovlarda birinchi navbatda shu maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilar to‘liq ishtirok etadi va ularning barchasiga tanlovda qatnashishga imkoniyat beriladi.










