O‘zbekiston | 19:24 / 16.08.2022
15182
2 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”: Taklif berish bo‘yicha surxondaryoliklar mutlaq yetakchi

"Tashabbusli budjet"ning 2-mavsumi uchun fuqarolardan kelib tushgan 61 566 ta taklifdan 22 foizi Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keldi. Loyihada respublikadagi barcha mahallalarning 98 foizi ishtirok etyapti. Moliya vazirligi eng faol 30 ta mahalla nomini e’lon qildi.

Moliya vazirligi 2022 yilda o‘tkazilayotgan “Tashabbusli budjet” jarayoni ikkinchi mavsumi doirasida kelib tushgan loyihalar bo‘yicha hududlar va sohalar kesimida hamda ushbu jarayonga mahallalar jalb etilishi yuzasidan ma’lumotlarni e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar tomonidan jami 61 566ta tashabbus ilgari surilgan bo‘lib, shundan 22 foizi (13 691 tasi) Surxondaryo viloyatidan kelib tushgan. Bu – keyingi o‘rinlardagi hududlar ko‘rsatkichidan ikki barobardan ham ko‘proq.

Ilgari surilgan loyihalarning 32 foizi ichki yo‘llarni (piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgichlar) ta’mirlash, 13 foizi umumta’lim maktablarini ta’mirlash yoki jihozlash, 12 foizi esa ko‘cha chiroqlarini ta’mirlash va o‘rnatishga doir tashabbuslar bo‘lgan.

Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida joylashgan Bo‘zatov mahallasi tomonidan 202ta tashabbus ilgari surilgan va bu borada eng faol ishtirok etgan mahallalar reytingida birinchi o‘rinda qayd etilgan. Faollik borasida keyingi pog‘onalardan Surxondaryo viloyati Termiz shahrining Ma’rifat va Sariosiyo tumanining Terakzor mahallalari joy olgan.

Respublikadagi jami 9 363 ta mahalladan bor-yo‘g‘i 162 tasi bo‘yicha takliflar tushmagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 iyulidan “Tashabbusli budjet” jarayonining ikkinchi mavsumi boshlangandi. Ushbu mavsum doirasida g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida qariyb 900 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid