12:00 / 24.10.2022
9926

Yangi O‘zbekiston Fransuz boksi “Savat” jahon arenalarida!

Foto: Turonbank

Shubhasiz aytish mumkinki, bugun jahon hamjamiyati e’tiborida yangi O‘zbekistondagi o‘zgarish va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar keng muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, sportchilarimizning dunyo arenalarida erishayotgan muvaffaqiyatlari, o‘zbek degan nomning baralla tarannum etilishida katta ahamiyat kasb etyapti.

Albatta, buning zamirida mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan ayni yo‘nalishga berilayotgan imkoniyat va yaratilayotgan sharoitlarning alohida o‘rni bor. Mana masalan, tashkil etilganiga endigina 3 yil bo‘lgan, yurtimiz uchun yangi sport turi hisoblanmish fransuz boksi “Savat”, bugun qamrov darajasini kundan – kunga oshirib, butun respublika miqyosida 2 mingga yaqin o‘g‘il-qizlarni o‘zining atrofida birlashtirdi. Nisbatan qisqa vaqt oralig‘ida uning “Komba” va “Asso” yo‘nalishlari bo‘yicha “O‘zbekiston kubogi” va “O‘zbekiston chempionati” musobaqalari o‘tkazildi.

Foto: Turonbank

Bundan tashqari, yangi O‘zbekiston fransuz boksi “Savat” assotsiatsiyasi prezidenti “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi Mirzayev Chori Sadibakosovich sa’y-harakatlari bilan atletlarimiz Italiyaning Milan shahrida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk bora qatnashib, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Foto: Turonbank

Shuningdek, Bangladesh mamlakatining Dakka shahri mezbonlik qilgan 3-Osiyo chempionati ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun omadli kelib, sportchilarimiz “Asso” va “Komba” yo‘nalishlarida 3 ta oltin, 3 ta bronza medaliga ega qilishdi.

Qolaversa, vakillarimiz Bolgariyaning Plovdiv shahrida tashkil etilgan xalqaro chempionatda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 7 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medaliga munosib ko‘rilishdi.

Foto: Turonbank

Yana bir esda qolarli va assotsiatsiya uchun kerakli natijani olib kelgan yutuq Serbiya davlatida o‘tgan yoshlar ishtirokidagi “Jahon chempionati” va kadetlar o‘rtasidagi “Jahon kubogi” musobaqalari bo‘ldi. Unda hamyurtlarimiz 2 ta oltin va 2 ta bronza medaliga ega bo‘lishdi.

Foto: Turonbank

300 yillik tarixga ega mazkur sport turini mamlakatimizda yanada rivojlantirish, ayni yo‘nalishda yoshlarga ta’lim berayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida yangi O‘zbekiston fransuz boksi “Savat” assotsiatsiyasi tashabbusi bilan turli sport yig‘inlari va maxsus seminar – treninglar ham muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Mana masalan, 2021 yilning 16 - 22 sentabr kunlari yurtimizga Osiyo “Savat” konfederatsiyasi prezidenti Hamid Reza Xesaraki boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurishgan bo‘lsa, joriy yilning 8-14 oktabr kunlari Osiyo “Savat” konfederatsiya texnik komissiya raisi Jan Paskal Santoro janoblari taklif etildi.

Foto: Turonbank

100 dan ortiq sportchi, murabbiy va hakamlar ishtirok etgan mazkur yig‘inlarda “Savat” boksining ham nazariy ham texnik qoidalari, janglarda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim jihatlar, baholash tizimlari kabi ko‘plab yo‘nalishlarda ma’lumotlar berilib, assotsiatsiya a’zolarining malakalari oshirildi. 

O‘zbekiston fransuz boksi Savat assotsiatsiyasi bosh Kotibi Shuhrat Xodjayevning ta’kidlashicha, bu tajribalar ularga 2023 yil Toshkentda o‘tadigan

4-Osiyo chempionati, Avstriya davlati mezbonlik qiladigan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati, Xorvatiyada tashkil etiladigan kattalar ishtirokidagi Jahon chempionati va Saudiya Arabistonining “World combat games” musobaqalarida asqatadi.

Foto: Turonbank

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, mazkur sport turi “Savat” fransuzcha ko‘cha janglaridan kelib chiqqan bo‘lib, oyoq zarbalari va yuzga urish bilan kurashish uslubini eslatib yuboradi. U 1924 yil Parij shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida rasmiy sport turlaridan biri bo‘lgan va Fransiyaning davlat merosi hisoblanadi.

Foto: Turonbank

Xalqaro Savat Federatsiyasi 1985 yil 23 mart sanasida tashkil etilgan bo‘lib, nodavlat mustaqil xalqaro sport tashkilotidir. Bugun kunda 90 ga yaqin davlatlarda mazkur sport turi rivojlanib, muntazam ravishda Jahon, Yevropa va Osiyo chempionatlari o‘tkazilib kelinmoqda. O‘zbekiston fransuz boksi “Savat” assotsiatsiyasi esa 2019 yilda mazkur xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lgan va uning doirasidagi musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.

Foto: Turonbank

Reklama

Mavzuga oid
Top