13:28 / 06.07.2023
6385

Jamiyatni zararli axborotlardan himoya qilishda – inson huquqlari buzilmasligi kerak. Huquqshunosdan qonunchilikka tavsiyalar

O‘zbekiston o‘zi qo‘shilgan xalqaro hujjatlar va bosh qomus – Konstitutsiyaga ko‘ra, insonning biror bir fikrlashi cheklanmaydi, faqatgina ushbu fikrni tarqatish qonunga binoan cheklanishi mumkin. Lekin bu cheklovlarga rioya qilmaslikning barchasi ham jinoiy javobgarlikka olib kelmasligi kerak. O‘zbekistonda amaldagi qonunchilikda bu borada qanday tushunmovchiliklar bor, jazo choralari adolatlimi hamda “ho‘l-u quruqni” ajratib oladimi? Huquqshunos Rustam Eshboyev shu haqda so‘z yuritib, qonunchilikka o‘z takliflarini berdi.

Foto: iStock

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalari mamlakat huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi qayd qilindi. Shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanishi belgilandi.

Xalqaro huquq – O‘zbekiston qo‘shilgan Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 29-moddasiga ko‘ra, har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o‘zgalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, axloq, jamoat tartibi, umumfarovonligining odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak.

Shuningdek, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 15-moddasiga ko‘ra, “hech kim … qonun hujjatlari yoki xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat hisoblanmagan harakati yoki xato ish qilib qo‘yganligi uchun jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilishi mumkin emas”;

Ushbu pakt 18-moddasida: “din yoki e’tiqod erkinligiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligi va axloqini, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar belgilanishi mumkin”ligi qayd etilgan.

Xalqaro hujjatning 19-moddasida esa, “har bir inson hech bir to‘siqsiz o‘z fikriga sobit bo‘lish huquqiga egaligi” mustahkamlangan.

Ularni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, insonning biror bir fikrlashi cheklanmaydi, faqatgina ushbu fikrni tarqatish qonunga binoan va mazkur Deklaratsiya va Paktda ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha cheklanishi mumkin. Biroq, bu cheklovlarga rioya qilmaslikning barchasi ham jinoiy javobgarlikka olib kelmaydi.

Bugungi axborot asrida shaxsning o‘z xususiy uyidan chiqmay, hech kim bilan yuzma-yuz ko‘rishib-gaplashmay, o‘z shaxsiy telefonida birgina qo‘l silkitish bilan anglab yoki anglamagan holda jinoyat qilish xavfi oshmoqda. Davlatlar uchun axborot xavflari, xususan diniy aqidaparastlik xavflar davlatning dunyoviy, diniy yoki boshqa ko‘rinishga ega bo‘lishidan qat’iy nazar yuzaga kelmoqda. Afsuski, tarixda, bugun va kelajakda ham bu kabi omillardan qarama-qarshi manfaatli tomonlar to‘xtovsiz foydalanadi. Shu sababli tegishli choralarni faqat qonun asosida “ho‘l-u quruqni” ajratib olgan holda amalga oshirish adolatdandir.

Bu borada prezident Shavkat Mirziyoyev ham “jinoyatchilikning oldini olish, har qanday jinoyatga adolatli baho berishga qaratilgan ishlar keskin kuchaytirilishi”ni hamda “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat berilishi”ni ta’kidlagan edi.

Konstitutsiyaning 33-moddasida ham yuqoridagi xalqaro deklaratsiya va Paktda nazarda tutilgani kabi:

har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi hamda istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga egaligi;

bu huquqlarni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda jamoat tartibini ta’minlash … maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 20-moddasiga ko‘ra, huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Bu talablar jamiyatni zararli axborotlardan himoya qilish bilan birga mazkur jarayonda inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun norma ijodkorligida har bir atama, so‘z, tinish belgilarga “ming marta o‘lchab bir marta kesgan” holda yondashishni taqozo qiladi.

Umuman jarayonlarni yaxshilab tushunib olish uchun axborotlarni shartli ravishda 5 ta turga bo‘lish mumkin.

1.    Birinchi turdagi axborotlar bu foydali axborotlardir. Masalan, tabiiy fanlar, texnologiyalar, to‘g‘ri tarbiya va odob-axloqqa oid bo‘lgan bilimlar.

2.    Ikkinchi turdagi axborotlar bu foydasiz axborotlardir. Masalan, qaysidir qo‘shiqchining tushlikda nima tanovul qilishi kimgadir foydali, kimgadir umuman foydasiz bo‘lishi mumkin.

3.    Uchinchi turdagi axborotlar bu zararli axborotlardir. Masalan, giyohvandlik, psixotrop moddalarni iste’mol qilish, ekstremizm, odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan axborotlar. Odatda bu kabi axborotlarni boshqa turdagi axborotlardan oson ajratib olamiz.

4.    To‘rtinchi turdagi axborotlarga bu barcha insoniyat uchun zararli bo‘lmasada, u axborot keng tarqalmagan boshqa hudud yoki millatlar uchun bilvosita zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan axborotlardir. Masalan, submadaniyatlar ya’ni jamiyat madaniyatining keskin farqlanuvchi jihatlarini boshqa jamiyatlarga tarqatish.

5.    Beshinchi turdagi bevosita zararli bo‘lmagan yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilmagan bo‘lsa-da, zararli va aqidaparastlik axborotlarini tarqatuvchi manbalardan (sayt, ijtimoiy tarmoq, shaxslar va tashkilotlardan) tarqalayotgan axborotlardir. Masalan, aqidaparastlik materiallarini tarqatuvchi saytda ota-onaga yaxshilik qilish haqida maqola ham bo‘lishi mumkin. Youtube yoki boshqa platformalarda mutaxassis bo‘lmagan shaxslar ota-onaga yaxshilik qilish haqidagi ta’sirli maqola joylashtirilgan manba aslida boshqa ko‘plab zararli axborotlar tarqatayotganligidan dastlabki tarzda bilmasligi tabiiydir.

Bunda, to‘rtinchi va beshinchi turdagi axborotlarni tarqatmaslik bo‘yicha normalarni qo‘llashda hamda ularni fuqarolar tomonidan boshqa turdagi axborotlardan ajratib olishda qiyinchilik, adashish va ularning mohiyatini bilmaslik kuzatiladi.

…Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasiga ko‘ra, 34 ta qonunchilik hujjatlarida hamda 3 ta Oliy sud Plenumining qarorida aqidaparastlik so‘zi ishlatilgan. Biroq, aqidaparastlikni aniqlash mezonlari yoki “aqidaparast” bilan “aqidasi mustahkam shaxs”ni o‘zaro farqlari qonunchilik hujjatlarida yoki Oliy Sudi Plenumi qarorlarida ko‘rsatilmagan.

To‘g‘ri, aqidaparastlik materiallari aniqlash bo‘yicha davlat organlarida tahliliy va mantiqiy asoslarga ko‘ra ma’lum amaliyotlar shakllangan. Shunday bo‘lsa-da, huquqlar faqat qonun bilan cheklanishi mumkinligi normasidan kelib chiqib, aynan qonun bilan aqidaparastlik tushunchasi va uning aniqlash mezonlari belgilanishi maqsadga muvofiq.

Jinoyat kodeksining 244-1-modda va 246-moddalarda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu bilan birga, ushbu moddalarda yana boshqa – diniy ekstremizm bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish uchun ham jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Ma’lumot uchun quyidagi xorijiy tajribani qayt etish kerak: Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining jinoyat kodekslarida aqidaparastlik (fundamentalizm, fanatizm) axborotlarni tarqatganlik bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilanganlik holati topilmadi;

Ko‘pgina aholisi musulmon bo‘lgan xorijiy davlatlarda (Misr, Turkiya va Malayziya kabi) turli xil diniy qarashlar bo‘yicha axborotni tarqatish cheklanmaydi;

O‘zbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunida ekstremizm – … milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodasi ekanligi qayd qilingan. Ya’ni qonun ekstremizm, xususan diniy ekstremizm nima ekanligini belgilab beryapti.

Bu ta’rifga ko‘ra ijtimoiy xavflilik jihatdan, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotlarni tarqatish nisbatan ekstremizm bilan yo‘g‘rilgan axborotlarni tarqatishdan yengilroq hisoblanadi.

Shu sababli, huquqiy ta’sir choralar maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan doirada mutanosiblik prinsipiga asoslanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsipga muvofiq bu ikki qilmish uchun bitta moddada bir xil jazo sanksiyasini belgilash to‘g‘ri emas.

Agar biz, aqidaparast deb o‘z aqidasidan kelib chiqib, uni bu kabi aqidaga ega bo‘lmagan shaxslarning adovatini qo‘zg‘atishga qaratilgan ashaddiy shakllarda ifoda qilish deb tushunadigan bo‘lsak, unda aqidaparast bilan ekstremizm o‘xshash bo‘lib qoladi. Bunday holda, qonunchilikdan aqidaparastlik tushunchasini olib tashlab, uni o‘rniga ekstremizm tushunchasidan foydalansak ham bo‘ladi.

O‘z navbatida, qayd etish kerakki, Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish … bo‘yicha ham javobgarlik belgilangan. Mazkur moddada belgilangan (diniy) adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish Jinoyat kodeksining 244-1-moddasida belgilangan (diniy) aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish bilan o‘xshash yoki aqidaparastlik materiallar (diniy) adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarga nisbatan ijtimoiy xavfliligi kamroq deb fikr qilish mumkin.

Biroq, Jinoyat kodeksining 156-moddasida 244-1-moddasiga nisbatan yengilroq sanksiyalar nazarda tutilgan hamda mazkur 156-modda bilan jinoiy javobgarlikka tortish uchun oldin ayblanuvchiga bu yo‘nalishda ma’muriy jazo qo‘llangan bo‘lishi talab etiladi.

Boshqacha aytganda, mazkur harakatning sodir qilish darajasi ko‘pchilikda yuqori ekanligi hamda uni mohiyati sodir qiluvchi tomonidan doimo ham anglanmasligi sababli dastlabki tarzda ma’muriy javobgarlikka tortish orqali shaxsga qilmishning ijtimoiy xavfliligi tushuntiriladi.

Qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi bo‘yicha norma hamda tushunchaga qonunda ta’rif yo‘qligidan kelib chiqib, hozircha aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotni tarqatish, xususan uni bir marotaba va yengil ko‘rinishda sodir qilganlik holatlarini kvalifikatsiya qilishda Jinoyat kodeksining 2441-moddasi emas, balki 156-moddasidagi alomatlari borligi nuqta-nazaridan ko‘rib chiqish savollarni keltirib chiqarmasligi mumkin.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksining 172-moddasiga ko‘ra, ish uchun ahamiyatli holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi bo‘yicha bilimi bo‘lgan shaxs o‘tkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda ekspertiza tayinlanadi.

Aqidaparastlik bo‘yicha axborotlarni aniqlashda doimiy ekspertiza tayinlanadi va qolaversa, uni aniqlovchi mezon qonunda yo‘q.

Qonunchilikka ko‘ra, dinshunoslik ekspertizasi diniy qonun-qoidalardan og‘ishganlik yoki buzib ko‘rsatishning mavjud yoki mavjud emasligiga oid tadqiqotlar o‘tkazish bo‘lib, u bir qator ma’lumotlar taqdim qilingandan keyin 10 ish kuni mobaynida o‘tkaziladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, diniy qonun-qoidalarni o‘rgatiladigan diniy ta’lim muassasalarni bir yilda 400-500 nafar bitiruvchilar bo‘lib, ularning hammasi ham diniy qonun-qoidalarni nozik jihatlarigacha biladi va aqidaparastlik axborotlarni to‘liq farqiga boradi deb aytib bo‘lmaydi.

Demak, diniy qonun-qoidalarni to‘liq bilmasdan hamda maxsus tadqiqot orqali tekshirishmasdan (ekspertizadan) oldin axborotning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligini aksariyat shaxslar bilolmaydi hamda buni tarqatish jinoyat ekanligini anglashi ham qiyin.

Qonunchilikda sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan manbalar ro‘yxatini e’lon qilib borish belgilangan. Yaqinda Oliy sud tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan materiallar e’lon qilindi. Biroq, faqat aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni qaysilar ekanligini e’lon qilinganligini kuzatmadik.

Zero, Jinoyat kodeksining 24 va 35-moddalariga ko‘ra, agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglamagan yoki uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetmagan … bo‘lsa, bunday qilmish aybsiz holda sodir etilgan, shuningdek, qilmishda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, lekin u aybli bo‘lmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizdagi:

  • yangi dunyoviy davlat normasi;
  • mafkura va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi;
  • hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi normalar (hanafiylik mazhabini yurtimizda an’anaviy bo‘lib qolish maqsadga muvofiqligini e’tirof etgan holda) ekspertiza jarayonida diniy qonun-qoidalardan og‘ishganlikni aniqlashda hanafiylikdan boshqa mazhablar bo‘yicha materiallariga (ular bevosita diniy adovatni qo‘zg‘amasa) yanada bag‘rikengroq munosabatda bo‘lishga huquqiy imkon yaratadi.

Qayd qilinganlarga ko‘ra:

  • aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotlarni aniqlash mezonlari va uni boshqa zararli axborotlardan (masalan ekstremizm) farqli jihatlarini qonun bilan belgilash;
  • aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotlarni tarqatish uchun javobgarlikni alohida qo‘shimcha 156-1-modda bilan o‘rnatish hamda uning sanksiyasini Jinoyat kodeksining 156, 244-1 va 246-moddalarida belgilangan sanksiyalardan yengilroq etib belgilash;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini “Aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish” deb nomlangan 184-4-modda bilan to‘ldirish;
  • tarqatishni darajasi, shaxslar soni, maqsadi, materiallarni tiliga qarab kodekslardagi moddalarni qismlarga bo‘lish va har biri uchun alohida sanksiyalar belgilash maqsadga muvofiqligi taklif qilinadi.

Ta’sir choralardan ko‘ra, zararli axborotlarning xavfini xalqimizga onlayn va oflayn tushuntiruvchi tizimli institutsional tuzilmalarni joriy qilish samarali bo‘lib, bu nisbatan og‘riqsiz amalga oshiriladi.

Huquqshunos Rustam Eshboyev muallifligidagi ushbu tahliliy material – ayrim qisqartirishlar bilan “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining elektron nashri - Hudud24.uz saytidan olindi.

Top