Jahon | 12:40 / 15.07.2023
6752
3 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: YeI va YeMB Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bo‘yicha bahslashyapti

Yevropa Markaziy banki fikricha, Rossiyaning muzlatilgan aktivlariga Ukrainani tiklashga yordam berish uchun foyda solig‘i joriy etilishi yevrohudud moliyaviy barqarorligiga tahdid solishi mumkin. 

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi rahbariyati Yevropa Markaziy banki (YeMB) bilan Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan 200 milliard yevrodan ortiq aktivlaridan olingan foydadan Ukrainani qayta tiklashga yordam berish rejalari yuzasidan bahslashmoqda. Bu haqda 14 iyul, juma kuni vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Bloomberg agentligi xabar berdi

Yevrohudud moliya vazirlarining Yevrokomissiya vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis va YeMB prezidenti Kristin Lagard ishtirokida yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Yevropa banki rahbari Yevropa Ittifoqining Rossiya muzlatilgan holdinglariga foyda solig‘i joriy etishni rejalashtirayotgani yevrohudud moliyaviy barqarorligi va yagona valuta likvidligiga tahdid solishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu qadam Ukrainaga olib keladigan bir necha milliard dollardan ko‘ra jiddiyroq xavf keltirib chiqaradi. Lagard ehtiyotkorlikka chaqirdi va har qanday qaror G7 tomonidan qo‘llab-quvvatlansagina qabul qilinishi kerakligini aytdi. 

O‘z navbatida, Yevrokomissiya fikricha, har qanday xatar Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishi ortidan 2022 yil fevralida aktivlar dastlab bloklanganda sodir bo‘lgan va baholangan, hozircha ilgari bildirilgan xavotirlarning hech biri amalga oshmagan. Suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, daromad solig‘ini qo‘llash g‘oyasi aktivlarning o‘ziga ham, Rossiya Markaziy bankining da’volariga ham, Yevropa Ittifoqining qimmatli qog‘ozlarni saqlashdagi roliga ham ta’sir qilmaydi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilarining pozitsiyasi ikkiga bo‘lingan. 

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar iyun oyi oxirida Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainani tiklash uchun foydalanish usuli bo‘yicha kelishib oldi. Uchrashuv ishtirokchilari ushbu aktivlardan olinadigan foyda uchun maxsus soliq joriy etish bo‘yicha «siyosiy konsensus»ga erishdi, dedi Belgiya bosh vaziri Aleksander De Kroo. 

Muzlatilgan aktivlar 3 milliard yevroga yaqin ortiqcha foyda keltirishi, ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Aktivlarning yarmidan ko‘pi naqd pul va depozitlar, qolgan qismining «asosiy qismi» esa yaqin ikki-uch yil ichida muddati tugashi bilan naqd pulga aylanadigan qimmatli qog‘ozlardir, deb xabar berdi Bloomberg avvalroq. 

YeIga a’zo 27 davlat rahbarlari Yevrokomissiyaga tafsilotlarni ishlab chiqishni topshirdi. Xabar qilinishicha, uning raisi Ursula fon der Lyayyen tez orada taklif kiritilishini kutmoqda. Biroq, rasmiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, bu sana yozgi ta’tildan keyinga ko‘chirilgan, buning natijasida YeI va YeMB kelishmovchilikka uchragan, endi a’zo davlatlar tomonlardan birining pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ikkiga bo‘linishi mumkin. 

Mavzuga oid