Jahon | 10:18 / 20.07.2023
7474
2 daqiqa o‘qiladi

YeIda birinchi marta elektromobillar dizelli mashinalarga qaraganda ko‘proq sotildi

Yevropada elektromobillar sotuvining o‘sishi, asosan, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya va Belgiyada ularning ommabopligi oshishi bilan bog‘liq. 

Foto: fleetalliance.co.uk

ACEA Yevropa avtomobil sanoati assotsiatsiyasi 19 iyul, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, iyun oyida Yevropa Ittifoqida dizel dvigatelli avtomobillardan (139,6 ming yoki 13,4 foiz) ko‘ra elektromobillar (158 ming yoki 15,1 foiz) birinchi marta ko‘proq sotilgan. Benzin motorli avtomobillar sotuvi hamon yetakchilikni saqlab turibdi, iyun oyida ularning ulushi 36 foizdan ko‘proqni tashkil etdi, ikkinchi o‘rinda - gibrid avtomobillar (taxminan 24 foiz). 2023 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqida ro‘yxatga olingan yangi yengil avtomobillarning umumiy soni 1,045 million donaga yetdi

Bir yil avval, iyun oyida yangi elektromobillarning ulushi 10,7 foiz edi. Sotuvning keskin o‘sishi - 66 foizga - ularning Germaniya, Niderlandiya, Fransiya va Belgiyadagi ommabopligi bilan bog‘liq. Sotilgan elektromobillarni ishlab chiqaruvchilar orasida Tesla ulushi boshqalarga qaraganda ko‘proq o‘sdi: 2023 yilning birinchi choragida sotib olingan har beshinchi avtomobil ushbu Amerika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. 

O‘tgan yilga nisbatan, iyun oyida Yevropada benzinli avtomobillar savdosi 11 foizga oshgan. Dizelli avtomobillar 9 foizga kamroq sotib olindi, ammo Germaniya va Markaziy Yevropa mamlakatlarida ularning savdosi biroz o‘sgan. 

2023 yilning birinchi olti oyida Yevropada jami 5,4 million yangi avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 17,9 foizga ko‘p, ammo 2019 yilning birinchi yarmidagi koronavirus pandemiyasidan oldingi ko‘rsatkichdan 21 foizga kam. 

Mavzuga oid