19:19 / 24.07.2023
13527

Saudlarning mintaqaviy xavfsizlik siyosati qanday o‘zgaryapti?

Saudiya Arabistoni Xitoy vositachiligida Eron bilan kelishuvga erishib, Shanhay hamkorlik tashkilotiga qadam bosayotgani – Ar-Riyodning xavfsizlik masalalarini o‘zi mustaqil tarzda diversifikatsiya qilishga intilayotgani va to‘liq AQShga tayanib qolmaslikka harakat qilayotganidan dalolat beradi.

Yaqin Sharq mintaqasi va arab davlatlari orasida Saudiya Arabistoni podshohligi (SAP) katta siyosiy-iqtisodiy mavqega ega davlatlardan biri hisoblanadi.

Saudiya Arabistoni mintaqaning boshqa arab davlatlari hamda arab bo‘lmagan davlatlarida islom dinining paydo bo‘lishi beshigi ekani, jumladan, muqaddas islom qadamjolari joylashganligi va arab olamining eng neftga boy davlati ekani bilan alohida ajralib turadi.

Bu esa Saudiya Arabistoni oldiga nafaqat milliy xavfsizlik masalalarini, balki mintaqaviy xavfsizlik muammolarini ham parallel ravishda hal etish vazifasini yuklaydi.

Mintaqada AQSh va Xitoy manfaatlari to‘qnashuvini kuzatish mumkin. Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasining Xitoy boshchiligidagi ShHTga qo‘shilish qarorini ma’qullashi Ar-Riyod va AQSh o‘rtasidagi ayrim manfaatlar doirasining buzilishiga olib kelmoqda.

Saudiya Arabistonining mintaqaviy xavfsizlik siyosatining uchta asosiy yo‘nalishini ajratib ko‘rsatish mumkin.

1. Ko‘rfaz mintaqasi

Saudlar rejimining Ko‘rfaz mintaqasiga nisbatan tashqi siyosati ushbu mintaqaga Eron, Iroq kabi tashqi kuchlar tomonidan ta’sir o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Saudiya Arabistoni Ko‘rfaz mintaqasini o‘zining ta’siri doirasida deb biladi va unga qarshi bo‘lgan har qanday tahdidga keskin javob qaytaradi. Ko‘rfaz mintaqasi dunyodagi eng boy energiya manbalariga ega.

Saudiya Arabistonining eng muhim neft konlari Ko‘rfaz sohilida joylashgan va ayni paytda Ko‘rfaz mintaqasi Saudiya neftini xalqaro bozorlarga tashish yo‘li hisoblanadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonining yaqin qo‘shnisi Yaman bilan aloqalarida ko‘plab muammolari bor.

SAP Yamanning siyosiy zaif bo‘lishidan manfaatdor, chunki Yamanning Saudiya janubidagi notinch chegaralari Qizil dengiz va Hind okeanidagi strategik joylashuvi, shuningdek, Eron tomonidan mahalliy xusiylarning qo‘llab-quvvatlanishi kabi omillar saudlar rejimi uchun jiddiy tahdid sifatida ko‘riladi.

Bizning e’tiborimizni tortgan muhim jihatlardan biri – Saudiya Arabistonining barcha neft mahsulotlari eksporti Ormuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshirilishidadir. Saudiya Arabistoni hozirda O‘monda xusiylar bilan doimiy kelishuv bo‘yicha bir tomonlama muzokaralar olib bormoqda.

Saudiya Arabistoni Xitoy vositachiligida 2023 yil 10 mart kuni Eron bilan o‘zaro diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi. Kelishuvning bir qismi sifatida Eron xusiylarning Saudiya Arabistoniga transchegaraviy raketa hujumlarini rag‘batlantirishni to‘xtatishga va guruhga yashirin qurol-yarog‘ yetkazib bermaslikka va’da berdi.

Buning evaziga Saudiya Arabistoni Ar-Riyod tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani taxmin qilingan fors sun’iy yo‘ldosh kanali “Iran International ”ning ritorikasini kamaytirishga rozi bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni Yamanda urush boshlaganidan sakkiz yil o‘tib, undan chiqishning diplomatik yo‘lini qidirmoqda. Rivojlanayotgan eron-xusiy munosabatlari Yaman mojarosini tugatish uchun mushkulliklar tug‘dirmoqda.

Bu masalalar Saudiya Arabistonining mintaqaviy xavfsizlik siyosatiga katta ta’sir qilishi bilan birga uni tezroq hal qilishni ham taqozo etadi.

2. Mintaqaviy raqobatchilarga qarshi kurash

SAPning mintaqaviy xavfsizlik nuqtayi nazarining ikkinchi yo‘nalishi – Yaqin Sharq mintaqasida unga raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan mintaqaviy kuch markazlarining paydo bo‘lishi va uning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

SAP Yaqin Sharq mintaqasida gegemonlik o‘rnatish orqali rejimga qarshi bo‘lgan siyosiy bosimlarning oldini oladi.

Avvalo, Saudiya Arabistoni bu ko‘zlagan maqsadlarini amalga oshirish uchun qurolli kuchlariga katta e’tibor bermoqda va bu yo‘lda turli islohotlarni olib bormoqda. SAPning “Nigoh 2030” deb nomlanuvchi iqtisodiyotni qayta tashkil etish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha hukumat rejasi qurol sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ambitsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Maqsad “2030 yilga borib SAPning harbiy texnikasi xarajatlarining 50 foizdan ortig‘ini mahalliylashtirish” va bir nechta kompaniyalarni birlashtirish orqali “ Saudia Arabian Military Industries” (SAMI) yangi kompaniyasini yaratishdan iborat.

Shu jihatdan, SAMI “2030 yilgacha global harbiy sanoat sektorida yetakchi rolni o‘z zimmasiga olishni” maqsad qilgan yirik loyihalaridan biri sanaladi.

3. Etnik va diniy mojarolar

Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqda etnik va diniy mojarolarni o‘z rejimi uchun jiddiy tahdid sifatida qabul qiladi, chunki bunday to‘qnashuvlar panarabizm g‘oyasini yangidan kuchaytiradi va butun mintaqaga tarqaladi, degan qarashga ega.

Masalan, 1980 yildagi Eron-Iroq urushi va 2006 yildagi Hizbulloh-Isroil mojarosi sharqiy viloyatdagi shialar orasida katta namoyishlarga sabab bo‘ldi.

Bu jarayonlar Saudiya Arabistonining mintaqaviy xavfsizlik siyosatiga katta tahdid solayotgan va ularga yechim izlashga undayotgan sabablardan biridir.

Yaqin Sharq gegemonligi uchun kurash

Eron va Saudiya o‘rtasidagi munosabatlar 1979 yilda Eronda Islom inqilobiga qadar barqaror rivojlangan edi. Inqilobdan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlik bosqichiga kirdi, bunga qator omillar sabab bo‘ldi.

Birinchi sabab, Eron Islom inqilobini eksport qilish g‘oyasi. Eron o‘z tashqi siyosatida Islom inqilobini boshqa islomiy mamlakatlarga eksport qilishi haqida ma’lum qilgach, bundan birinchi bo‘lib Saudiya Arabistoni xavotirga tushdi, chunki o‘sha yillarda Saudiya elitasiga qarshi bunday kayfiyatlar allaqachon kuchayib ulgurgan edi.

Birgina 1979 yilda Muhammad al-Qahtoniy va Juhayman al-Utayba boshchiligida terrorchilar muqaddas Makkani qamal qilgan vaqtdan Saudiya shahzodalari-yu sultonlarini jiddiy xavotirlar qamrab olgan edi.

Ikkinchi sabab, Arab davlatlarining Eronga qarshi koalitsiya tuzishi. Saudiya Arabistoni Eron ta’sirini susaytirish va yetakchilik rolini egallash maqsadida o‘z atrofida Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlarini birlashtirishga kirisha boshladi.

Bugungi davrga kelib ancha yillardan buyon buzilgan munosabatlar tiklandi.

Bunga turli sabablar mavjud. 2023 yilning 10 martida Saudiya Arabistoni va Eron Pekinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar asosida diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Xitoy o‘zini kelishuvning vositachisi sifatida ko‘rsatdi.

SAP va Eron munosabatlarining tiklanish masalasi Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning fevral oyidagi Pekinga tashrifi chog‘ida ilgari surildi. Bir necha vaqt davomida Saudiya Arabistoni Eron rejimini tanqid qiluvchi fors tilidagi xorijiy teleradiokompaniya “Iran International”ni qo‘llab-quvvatlab, Eronga bosim o‘tkazar edi.

Prezident Raisiy 2021 yil avgust oyida lavozimga kirishganidan beri u mintaqaviy qo‘shnilar bilan keskinlikni kamaytirish siyosatini ustuvor vazifa ekanligini e’lon qildi. Ehtimol, Si Jinping yopiq eshiklar ortida Saudiya qirolidan Eron muammosini hal qilishdagi ko‘magi uchun ShHT tomon qadam tashlanishi kerakligi ta’kidlangandir?

Saudiya Arabiston va Eron o‘rtasida mintaqa bo‘ylab turli xil tafovutlar mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha ishonchli shaxslar orqali kurashgan.

Eron uzoq vaqtdan beri Livanning “Hizbulloh” tashkilotini, Saudiya Arabistoni esa sunniy siyosatchilarni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi taranglikni yumshatish, bu ikki tomonni misli ko‘rilmagan moliyaviy inqirozga yuz tutayotgan Livanda siyosiy murosaga undashi mumkin.

Eron Suriya prezidenti Bashar Asadni uzoq davom etgan urushda qo‘llab-quvvatlagan, Saudiya Arabistoni esa uni ag‘darishga intilayotgan isyonchilarga xayrixoh. Biroq so‘nggi oylarda, ayniqsa, Suriya va Turkiyani vayron qilgan zilziladan so‘ng, arab davlatlari Asad bilan yaqinlashish siyosatini yoqlashmoqda.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirishdan manfaatdor, ammo Isroilning azaliy dushmani bo‘lgan Eron bilan Saudiyaning kelishuvi buni murakkablashtiradi.

Bundan tashqari, agar Isroil Eron yadroviy dasturiga qarshi harbiy zarba berishga qaror qilsa, u Yaqin Sharq mintaqasida yolg‘izlanib qolishi mumkin. Isroil bilan munosabatlarni allaqachon normallashtirgan va uzoq vaqtdan beri Tehronga shubha bilan qaragan Birlashgan Arab Amirliklari ham Eron bilan keskinlikni yumshatishga harakat qilmoqda.

Eron 2015 yilda jahon kuchlari bilan imzolagan yadroviy kelishuvning barbod bo‘lishi ortidan xalqaro sanksiyalarga duch keldi. Saudiya Arabistoni – Eron kelishuvi Tehronga sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun yangi yo‘llarni ochib berishi mumkin.

Eron Rossiya bilan aloqalarini chuqurlashtirib, Ukrainaga qarshi urushda Moskvani turli xil uchuvchisiz jangovar qurilmalar bilan ta’minlamoqda degan xabarlar kun ora eshitilmoqda. Umuman, Saudiya-Eron yaqinlashuvi Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatiga hamda xavfsizlik arxitekturasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Avvalo, bu muzokaralar Xitoyning obro‘sini oshiradi. Xitoy yuborayotgan muhim xabar shundan iboratki, Qo‘shma Shtatlar Fors ko‘rfazidagi asosiy harbiy kuch bo‘lsa-da, Xitoy mintaqada kuchli va o‘sib borayotgan diplomatik vositachiga aylandi. Bu butun dunyo bo‘ylab Xitoyning kuchi va ta’sirini idrok etishni kuchaytiradi va AQShning global qudrati haqidagi da’vosiga barham berishi mumkin.

Shu sababdan Xitoy Yaqin Sharqda kuchli o‘yinchiga aylanmoqda, deyish mumkin. Xitoy so‘nggi vaqtlarda Saudiya Arabistonining eng yirik neft eksport hamkoriga ham aylanmoqda.

Yarashtiruvchi rolida nega AQSh emas, Xitoy bo‘ldi degan savollar ham paydo bo‘lishi mumkin. Qo‘shma Shtatlar bu kelishuvga vositachilik qila olmas edi, chunki u Eron bilan bevosita aloqada emas. Boshqacha qilib aytganda, ularning o‘ziga ham vositachi zarur.

Bayden ma’muriyati mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha muloqotlarning ahamiyati haqida gapirib, bu kelishuvni umumiy ma’noda qo‘llab-quvvatlashini aytgan bo‘lsa ham, bu Vashington uchun jiddiy xavotirlarni paydo qiladi.

Ammo Saudiya Arabistonining AQShni butunlay chetlab o‘tgandek kelishuvga erishgani, Ar-Riyodning mustaqil tarzda xavfsizlikka intilishlarini diversifikatsiya qilishga intilayotgani va to‘liq Qo‘shma Shtatlarga tayanmaslik uchun harakat qilayotganidan dalolat beradi.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, hozirgi davrda Saudiya Arabistoni o‘z mintaqaviy xavfsizlik siyosatida AQSh boshchiligidagi kollektiv G‘arb yo‘nalishiga tayanib qolish maqsadlarini o‘zgartirmoqda.

Bu borada Xitoy vositachiligida Eron bilan diplomatik aloqalarning qayta tiklanishi, shu asnoda Saudiya Arabistonining ShHTga a’zo bo‘lishi jarayonlarining faollashuvi Ar-Riyodning kollektiv Sharq yo‘nalishiga jiddiy e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi. Biroq ko‘p omillar evaziga Qo‘shma shtatlarga bog‘langan Saudiyaning birdan tashqi siyosiy vektorining o‘zgarib ketishi ham oson emas. Balki shahzoda janoblari ham Erdo‘g‘an kabi siyosiy manyovr ko‘rsatar.

Sabina Latipova,
sharqshunos tahlilchi
NormuhammadAli,
jurnalist

Top