Jahon | 08:23 / 26.07.2023
9278
3 daqiqa o‘qiladi

YeI oyiga 4 mln tonna Ukraina g‘allasini eksport qilishi mumkin

YeI Ukrainadan g‘alla tashuvchi kompaniyalarga subsidiyalar berish, Boltiqbo‘yidagi portlardan foydalanish va boshqa chora-tadbirlarni ko‘rib chiqishga tayyor. Eksportni oyiga 4 million tonnagacha oshirish mumkin, deb hisoblaydi Bryussel.

Foto: logist

Yevropa Ittifoqi Ukraina donini «birdamlik chizig‘i» bo‘ylab tashish uchun subsidiyalar berish variantini ko‘rib chiqishi kerak – Yevropa komissari Yanush Voysexovskiy 25 iyul, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi kengashi yig‘ilishidan so‘ng shunday taklif bilan chiqdi. 

U bu pozitsiyani Yevrokomissiyaga taqdim etishga va’da berdi: «Biz Yevropa Ittifoqining pullari hisobiga transport xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash yechimini topishimiz kerak, aks holda Rossiya bu vaziyatdan foyda olishi mumkin, uning donini sotib olish Ukraina donlarini tashish uchun pul to‘lashdan ko‘ra arzonroq bo‘ladi». Hozircha bu taklifni taqdim etishning yakuniy sanasi yo‘q, Yevropa komissari bunday chora qanchaga tushishini hozircha hisoblab bermadi, biroq u bu masala dolzarb ekanini tan oldi. 

Qora dengiz Ukrainadan g‘alla tashishning eng arzon yo‘li bo‘lib qolmoqda, biroq u Rossiya tomonidan to‘sib qo‘yilgan. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi «don bitimi»ga qaytish mumkinligiga umid bor deb o‘ylayapti, chunki Qora dengiz yo‘lagi Ukrainaga qo‘shni bozorlarni ortiqcha yuklamasdan, avvalgidek o‘zining tabiiy bozorlariga, masalan, Bangladesh, Indoneziya, Turkiya, Ispaniyaga mahsulot yetkazib berish imkonini yaratadi. Agar bu amalga oshmasa, Ukraina g‘allasi uchun Yevropa transport yo‘laklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash zarur, dedi Voysexovskiy. 

«Birdamlik chiziqlari» orasida Dunay yo‘nalishi transport xarajatlari bo‘yicha eng foydali hisoblanadi, deya bildirdi Yevropa Komissiyasi, ammo Polsha va Vengriya orqali tashish narxlarga salbiy ta’sir qiladi. Voysexovskiyning so‘zlariga ko‘ra, «bunday transportning narxi yetarlicha jozibador emas». 

Shu bilan birga, uning ishonchi komilki, Yevropa Ittifoqi Ukrainaning deyarli barcha eksportini oyiga 4 million tonna ko‘rsatkich asosida «birdamlik chizig‘i» bo‘yicha olib chiqishga qodir. Bu miqdor 2022 yilning noyabrida eksport qilingan, dedi Yevropa komissari. Uning fikricha, buni amalga oshirsa bo‘ladi, ammo «bu vaziyatning barcha oqibatlarini hisobga olish kerak». 

Mavzuga oid