Hokim va maktab direktori voqeasi: Jamiyatni qonunlar emas, amaldorlar irodasi bilan boshqarishga o‘tildimi?
Adolatni talab qilish “haqorat”, viloyat hokimiga e’tiroz bildirish esa “hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslik” deb malakalandi. Sud esa bu safar ham hokim chizgan chiziqdan chiqolmadi.
Bir o‘ylab ko‘ring: Surxondaryo viloyati hokimi raisligida, maktab direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan o‘sha yig‘ilish videosi tarqamaganda nima bo‘lardi?
Hech qanday noqonuniy ish qilmaganini ro‘kach qilib, agar yomon ko‘rsalaring «miltiq bilan otib tashlanglar» deya viloyat va tuman rahbarlariga e’tiroz bildirgan Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova qamoqqa tashlanganidan bexabar qolar edik. Bu – aniq!
Ehtimol, direktorni jazolash bu qamoq jazosi bilangina kifoyalanilmas, u yanada qat’iyroq jazolarga, balkim turli bosimlar va hatto qiynoqlarga ham giriftor bo‘lardi.
Umida Tursunovaning o‘zi keyinchalik bu borada yuzlab videomurojaatlar qilib chiqqanida ham unga hech kim e’tibor bermasdi, chunki internetda bu direktorni negativ xarakterlovchi ma’lumotlar tiqilib yotibdi.
Qoyil qolish kerak: Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan tasvirga olingan (majlisga kirishdan oldin direktorlarning telefonlari olib qo‘yilgan – nega?!), sudga taqdim etilgan va sudda direktorni qamash uchun ashyoviy dalil bo‘lishi kerak bo‘lgan video alaloqibatda direktor ayolning joniga ora kirmoqda.
O‘zi viloyat hokimi maktab direktorlari bilan majlis qilib o‘tirishi qanchalik to‘g‘ri? — degan savol tug‘ilmoqda ko‘pchilikda.
Sariosiyodagi bu yig‘ilish viloyatdagi umumta’lim maktablarining 2023/24 o‘quv yiliga tayyorgarlik mavzusida o‘tgan, ya’ni maktablarning ta’miri masalasida.
Maktablarni ta’mirlash uchun mahalliy hokimliklar mas’ul. Yig‘ilish Surxondaryo viloyat hokimligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil qilingan. Demak, shu mavzudagi yig‘ilishda hokimlarning ishtirok etishi o‘rinli edi, degan fikrga ko‘namiz, mayli.
Ammo o‘sha yig‘ilishda turli tumanlardagi ayrim direktorlar yangi o‘quv yiliga yetarli tayyorgarlik ko‘rmagani uchun ishdan olinganidan ham xabarimiz bor.
Hokim direktorni ishdan olishga haqlimi? — degan savol ham o‘rtaga chiqmoqda.
Yo‘q, viloyat, tuman hokimlari ta’lim sohasidagi kadrlarning ishiga aralashishga, maktab direktorlarini ishdan olishga haqli emas.
Unda nega viloyat hokimi Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktorini «butun dunyoga sharmanda qilgani uchun» va «direktor bo‘lishga haqqi yo‘qligi uchun» ishdan olishga buyruq bermoqda?
Yosh bo‘lishiga qaramasdan, ikkita tumanda hokim, ikki viloyat va Toshkent shahrida prokuror bo‘lib ishlagan U.Qosimov nahotki o‘zining buyruqlari va xatti-harakatlari mavjud qonunchilikka to‘g‘ri kelish-kelmasligiga huquqiy baho bera olmadi? Bunisi bizga noma’lum.
Xo‘sh, direktor qamalishga loyiq harakat sodir etdimi?
28-maktab direktori Umida Tursunova 26 iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-maktabda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimiga qarata hech qanday noqonuniy talab qo‘ygani yo‘q. Ishdan bu tarzda olinishi adolatsizlik ekanini, uni hech kim eshitmayotgani, viloyat hokimiga bu haqda noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilayotganini aytdi, xolos.
Faqat zalni tark etayotib, Sariosiyo tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri T.O‘zbekovni uyatsiz so‘z bilan haqorat qildi; viloyat hokimiga «hayf, sizdek hokimga», deb chiqib ketdi.
Mana shu «qilmish»larning o‘zi Umida Tursunovani 10 sutka qamoqqa tiqishga yetarli bo‘ldi.
Shu kunning o‘zida (26 iyul) kechqurun jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudida sudya O.Jumanov maktab direktorini MJtKning 183-moddasi («Mayda bezorilik») va 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik»)ning 1-qismi bilan aybli deb topdi va 10 sutka ma’muriy qamoq, unga qo‘shib 1 mln 650 ming so‘m jarimani ham bosdi.
Sud qaroridan ko‘rinishicha, bu ma’muriy ishda jabrlanuvchi sifatida Sariosiyo tuman hokimligi tashkiliy kadrlar guruhi rahbari I.Jumayevning arizasi qabul qilingan.
Unda jabrlanuvchi Umida Tursunovani «baqir-chaqir qilganlik», hokimga «qo‘lingizda miltiq bo‘lsa, otib tashlang», «hayf, sizdek viloyat hokimiga» deb aytgani, uning ichki ishlar xodimlarining tinchlantirish uchun urinishlariga bo‘ysunmaganini noqonuniy harakat sifatida taqdim etgan.
Sud arizadagi barcha holatlar o‘z isbotini topgan, degan qarorga kelgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘z Telegram-kanalida o‘qituvchi qamoqdan ozod qilinganini yozib chiqdi. Bu orada jazoning 7 kuni o‘tib bo‘lgan edi.
Shaxs hokimning xohishi va bir og‘iz ko‘rsatmasi bilan qamab qo‘yilsa, voqealar ko‘pchilikka ovoza bo‘lgach, ozodlikka chiqsa...
Bu yerda qonunlarning ustuvorligini qo‘yaturaylik, mantiq qayerda qoldi?! Ayolning qamoqda o‘tgan 7 kunini kim kompensatsiyalaydi?
Mana shu voqealar fonida O‘zbekiston sudyalari ayniqsa quyi instansiyalarda naqadar g‘arib, naqadar qo‘rqoq, ta’bir joiz bo‘lsa, ijro hokimiyati qo‘lidagi qo‘g‘irchoq ekani yana bir bor aniq va ravshan namoyon bo‘ldi.
Hokim-u vazirlarni qo‘yaturamiz, ular muayyan «immunitet» egalari hisoblanadi. Ammo amaldorlarning qo‘g‘irchog‘iga aylangan sudya(lar)ning xatti-harakatlari o‘rganilmasdan qolmasligi kerak.
Voqea internetda nega kuchli rezonans berdi?
Viloyat hokimning kuchi bir ayol rahbarga «yetgani» uchun, albatta.
Bizga ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi o‘sha yig‘ilishda U.Tursunova maktabga rahbarlik qilgan avvalgi davrlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini taftishdan o‘tkazishga ham buyruq bergan.
2022 yil 26 dekabrda Surxondaryo viloyatining avvalgi hokimi To‘ra Bobolov ishdan olinib, so‘ngra 2023 yilning 13 martida xalq deputatlari viloyat kengashida viloyat hokimi etib tasdiqlangan Ulug‘bek Qosimovning rahbarligi davrida bir nechta shov-shuvli voqealar qahramoniga aylanib bo‘ldi.
Avvalo, u rahbar bo‘lgani hamono viloyatdagi qariyb barcha tuman va shaharlar hokimlarini bitta qo‘ymay almashtirdi. Bunaqasi O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan.
Denov tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida Ulug‘bek Qosimov qishloq xo‘jaligi sohasini sovetchasiga qo‘lga olishini yashirib o‘tirmadi. Hokim dalalarga ekib qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini surib tashlashga buyruq berdi.
Viloyatda tumanlararo postlarning paydo bo‘lishi ham Surxondaryoda eski davrlar qo‘msalayotganiga mengzaldi. Nazorat punktlarining qaytarilayotgani prezidentning siyosiy qaroriga qarshi qadam tashlash, deb baholanishi kerak, deb yozildi.
28-maktab direktori bilan sodir bo‘lgan voqeada viloyat hokimining oilasiz bir ojiza ayol kishiga zug‘um o‘tkazishi ijtimoiy tarmoqda portlash vujudga keltirib, katta rezonans berdi.
O‘qituvchining mavqeini oshirish bo‘yicha shuncha gap-so‘zlar gapirilib, hattoki bu borada yangi qonun qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda, viloyat hokimi yana va’da qilinayotgan islohotlarga ters qadam tashlayotgandek ko‘rindi.
Zalda yangragan «yo‘qot» degan buyruq bilan ichki ishlar xodimi maktab direktorini majburan zaldan olib chiqib ketdi. Feodalizmning o‘zginasi.
Bu – Farg‘onada fuqaroni haqoratlab, uning mulkiga zarar yetkazayotgan barzangining qilmishlariga uch nafar ichki ishlar xodimining tomoshabin bo‘lib qarab turgani odamlarda norozilik keltirib chiqargani fonida ro‘y bermoqda. Agar kadrda ichki ishlar xodimi ko‘rinmaganida yoki u direktor ayolning qo‘llariga chang solmaganida ham, voqea bu qadar rezonans bermagan bo‘lardi.
Bu voqeadan keyin hokimlarning ta’lim sohasiga aralashuvini mutlaqo cheklash lozimligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Ichki ishlar organi esa hokimga yordamchi emas, xalq va qonun posbonlari bo‘lishi kerak endi. Axir qachongacha? Har qanday huquqbuzarlik va jinoyat ro‘y bergan holatda chora ko‘rilishi kerak, faqat videosi internetda tarqalganlariga emas. Aytayverib, og‘zimiz charchadi, yozaverib qo‘limiz.
Maqola boshida bejizga video tarqamaganida nima bo‘lardi, deb savol qo‘ymadik. Surxondaryodagi voqeada ham, Farg‘onadagi voqeada ham holatning videosi tarqamaganida, xalqqa oshkor bo‘lmaganida yopiq qozon yopig‘ligicha qolib ketaverar edi. Bular-ku xalqni junbishga keltirgan ikkitagina holat. Qanchadan-qancha «qozon»larning «qopqog‘i» ochilmasdan qolib ketayotganini endi bir tasavvur qilib ko‘ring.
Dahshat-a!
Undan-da dahshati, mana shu kabi voqealardan aslo saboq chiqarilmayotgani.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist
Mavzuga oid
16:19 / 24.12.2024
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
10:40 / 13.12.2024
Sariosiyoda ko‘chada yo‘lbars yurgani rad qilindi
21:02 / 12.12.2024