18:39 / 03.08.2023
89238

«Miltiq bo‘lsa, otib tashlang» - Surxondaryoda maktab direktori uni ishdan bo‘shatgan viloyat hokimi bilan bahslashdi

Kun.uz'ga Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘tkazgan majlislardan birida viloyatning Sariosiyo tumanidagi maktablardan birining direktori Umida Tursunova bilan tortishgani aks etgan video kelib tushdi. Tahririyat manbasiga ko‘ra, janjalli vaziyat 26 iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-sonli maktabda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2023-2024 o‘quv yiliga tayyorgarligiga bag‘ishlangan videoselektor seminarda yuzaga kelgan.

Unda direktor hokimdan nima aybi sabab ishdan olinayotganini so‘ray turib, quyidagi gaplarni aytgan:

«U yerda nima bo‘lganini siz qayerdan bilasiz? «Muhitni buzding», deysiz, nima muhit buzilgan u yerda? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, shuncha yozganimizga indamaylik deb... Ahvolni o‘rganadigan odam yo‘q, bularning hammasining tili bir», — degan Umida Tursunova.

Seminar jarayoni. Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Tortishuv davomida sobiq direktor hokimga miltiq bo‘lsa, otib tashlashini, maktabda yuzaga kelayotgan vaziyatlar uyushtirilayotgani, viloyat hokimiga noto‘g‘ri ma’lumot berilayotganini aytgan.

Seminar jarayoni. Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

«Viloyat hokimiga to‘g‘ri ma’lumot kiritilishi kerak. «Yo‘qot, yo‘qot, yo‘qot!» Nima qilyapman men? Senlar maktabda xohlagan ishingni qilding, hech kim hech narsa qilmadi-ku?! Menga chora ko‘riladimi? Nimaga tashqariga chiqaman? Mana shu yerda turib [gaplarini] oxirigacha eshitaman, [keyin] prezidentga aytadigan gapim bor. Otsa meni, O‘zbekiston [xalqi] oldiga olib chiqib otib tashlasin», — degan u tortishuv so‘ngida.

Shundan so‘ng sobiq direktor ichki ishlar organi xodimlari tomonidan majlis zalidan olib chiqib ketilgan. Majlislar zalini tark eta turib, Umida Tursunova viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovga qarata «Hayf sizday viloyat hokimiga», — degan.

Umida Tursunovaning yig‘ilish zalidan olib chiqib ketilishi. Tarqalgan videodan skrinshot.

Ma’lumot uchun: Umida Tursunova Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktor bo‘lib ishlagan bir necha bor ishdan bo‘shatilgach, sud orqali huquqlarini tiklab, vazifasiga qayta kirishgan. Tarmoqlarda ham birmuncha «mashhur» bo‘lishga ulgurgan.

Faoliyati davomida direktorga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib «Fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasiga ko‘ra ijro intizomini va odob axloq qonun-qoidalarini buzgani sababli hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.

2021 yil noyabr oylarida maktabning bir guruh o‘qituvchilari tomonidan direktorning ustidan Surxondaryo xalq ta’limi boshqarmasiga shikoyat arizasi yo‘llangan.

Keyinroq vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingach, jurnalistlar holatni o‘rganish maqsadida shu maktabga borishgan. Umida Tursunova esa OAV vakillarining kamerasiga shikast yetkazib, ularni haydab solgan.

Shundan so‘ng Umida Tursunova 28-maktab direktorlik lavozimidan bo‘shatilgan. 2022 yil fevral oyida viloyat xalq ta’limi boshqarmasining buyrug‘i bilan qayta ishga tiklangan.

Ammo maktab o‘qituvchilari bundan norozi ekanliklarini hamda Umida Tursunovaning direktorlik faoliyatini olib bormasligini so‘rab murojaat qilishgan.

E’tirozlardan keyin, 2022 yilning mart oyida Umida Tursunova mazkur lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Imomqul Saidov tayinlangan. Biroq,Umida Tursunova sud orqali yana ishga tiklangan.

Hozircha tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokim ishtirokidagi seminar-yig‘ilishi janjal ko‘tarilganidan keyin Umida Tursunova hibsga olingan va u maktabga direktorlik qilgan davr qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Top