19:19 / 15.08.2023
26275

2022 yilda imtiyozlar tufayli oltin va misdan budjetga  foyda solig‘i kamaydi

2021 yilda foyda solig‘ining 67 foizi oltin va mis qazib oluvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022 yilda ularning ulushi 46 foizga tushgan. Bu yer qa’ridan foydalanganlik uchun oltindan tortib gazgacha soliq stavkalari keskin pasaytirilgani bilan bog‘liq. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq esa 2021 yilga nisbatan 12,2 foizga kamaygan.

Foto: Bloomberg

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Fuqarolar uchun budjet: 2022 yil ijrosi” nashrini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda foyda solig‘i – 37 649,9 mlrd so‘mni tashkil qildi, shundan jami tushumning 17 393,7 mlrd so‘m yoki 46 foizi oltin va mis qazib chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri keldi. 2021 yildagi ma’lumotlarga qaralsa, foyda solig‘i tarkibida oltin va mis qazib oluvchilarning ulushi 67 foizni (25 716,5 mlrd so‘m) tashkil qilgan.

Bu 2022 yilda oltin va misdan budjetga foyda 8,32 mlrd so‘mga kamayganini anglatadi.

O‘z navbatida, resurs soliqlari umumiy tushumlari tarkibida mol-mulk solig‘i (6,1 foizga) va yer solig‘i (4,5 foizga) ulushi oshgan bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq ulushi 10,5 foizga kamaydi.

2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari – 13 887,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu 2021 yilga nisbatan 1 924,6 mlrd so‘m, yoki 12,2 foizga kam.

Oltin va misdan budjetga tushumlar va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlarining kamayishiga soliqning unifikatsiya qilinishi va soliq stavkalarning pasaytirilishi sabab bo‘lgan.

2022 yildan boshlab, quyidagi foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun soliq stavkalari pasaytirilgandi:

• Qimmatbaho va rangli metallar – 10 foizdan 7 foizga;

• oltin bo‘yicha davlat ulushiga ega korxonalar – 15 foizdan 10 foizga. Natijada tushumlar 2,8 trln so‘mga kamaygan;

• Bundan tashqari, tabiiy gaz – 30 foizdan 10 foizga, neft va gaz kondensati – 20 foizdan 10 foizga pasaytirilgan.

“Stavkalar pasaytirilishi, hamda 2022 yilda soliq bazasini aniqlashda “Netback” mexanizmining joriy etilishi natijasida soliq to‘lovchilar ixtiyorida 538,1 mlrd so‘m qoldirildi”, - deyiladi rasmiy relizda.

Ta’kidlanishicha, noruda qurilish materiallari o‘rtacha 2 barobarga pasaytirilishi natijasida tushumlar 55 mlrd so‘mga pasaygan.

Qum-shag‘al aralashmasi qazib olish hajmi 2,5 mln tonnaga ortgan bo‘lsa-da yo‘qotish miqdori 45 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Tsement ishlab chiqarish uchun ohaktosh – tonnasi uchun stavka 45 ming so‘mdan 22,5 ming so‘mga pasaytirildi. Tsement ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanadigan zavodlar uchun soliq stavkasi 11 250 so‘mni tashkil etdi.

2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning asosiy qismi – 63,7 foizi oltin qazib oluvchi korxonalar hisobiga, 2021 yilda ushbu soliqning 74 foizi davlat ulushiga ega oltin qazib oluvchi korxonalariga to‘g‘ri kelgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning birinchi yarim yilligida soliq imtiyozlari tufayli oltin va misdan budjetga foyda solig‘i tushumi keskin kamaygani ma’lum bo‘lgandi.

Sobiq moliya vaziri Timur Ishmetov soliq tushumining 9,5 trln so‘mi yoki 51 foizi oltin va mis qazib chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan holda, aynan shu foyda solig‘i tushumlari satri bo‘yicha ulardan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 trln so‘m yoki 26 foizga kamayganini ma’lum qilgandi. Ammo oltin va mis qazib oluvchi korxonalar bo‘yicha yo‘qotilgan mazkur foyda solig‘i davlat budjetiga dividend ko‘rinishida undirilishini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid
Top