21:34 / 17.08.2023
14910

Anomal issiq tufayli Istanbul ichimlik suvisiz qolishi mumkin 

Shaharda bir-ikki oyga yetuvchi chuchuk suv zaxirasi qolgan. 

Foto: Anadolu Agency

Turkiyaning eng yirik shaharlaridan biri Istanbul aholisi ichimlik suvisiz qolishi mumkin. Mamlakatda anomal issiqlik tufayli suv havzalari sayoz bo‘lib qolgan. Yaqinda yangi harorat rekordi qayd etildi: +49,5 daraja. Fuqarolardan imkon qadar suvni tejash so‘ralmoqda. 

Istanbul og‘ir vaziyatga tushib qolgan - shaharni ta’minlaydigan o‘nta suv omborining barchasi deyarli sayoz. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning avgust oyida ular 62 foizga to‘ldirilgan bo‘lsa, hozir suv hajmi uchdan biriga ham yetmagan. 

«Agar bu uzoq davom etsa, Istanbul jiddiy muammolarga duch keladi. Rasmiylar nimadir qilishi kerak. Qurg‘oqchilik allaqachon eshik oldida», dedi ekolog Merik Albay. 

Shahar kuniga o‘rtacha 3,5 million kub metr suv iste’mol qiladi. Suv omborlarida esa 300 milliondan kam qolgan, ya’ni zaxira taxminan 90 kunga yetadi. Ammo bunday issiqda suv tez bug‘lanishi hisobga olinsa, 1-2 oylik zaxira qolgani oydinlashadi. 

Issiqlik tufayli suv iste’moli oshgan, ammo rasmiylar aholidan uni tejashni so‘ramoqda - bu falokatdan qochish va qandaydir tarzda yomg‘irli mavsumgacha yetib borishning yagona yo‘li. 

Kommunal xizmatlar ekstremal choralar ko‘rishni taklif qilmoqda - suv tariflarini bir yarim, hatto ikki baravar oshirish. Olimlar esa qurg‘oqchilikdan dengiz xalos etishini ta’kidlamoqda. 

«Bu allaqachon dolzarb bo‘lgan. Quyosh energiyasidan foydalangan holda sho‘r suvni toza suvga aylantirishimiz kerak. Buning uchun maxsus markazlar quring», dedi ekolog Zafar Murod. 

Sinoptiklar hozircha umid baxsh etmayapti: yaqin o‘n kun ichida Istanbulda yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati o‘ttiz darajadan pastga tushmaydi. 

Top