11:42 / 21.08.2023
10012

Iqlim o‘zgarishi tufayli dunyo okeanining yarmi yashil tusga kirdi

Okeanlarning bunday yashillanishi iqlim o‘zgarishi suv osti hayotiga ta’sir etayotganidan dalolat beradi, deydi tadqiqotchilar.

Foto: Canva / NASA CC0 Images

Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 20 yil ichida dunyo okeanining 56 foizi tusi ko‘kdan yashilga o‘zgargan. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, ekvator yaqinidagi tropik mintaqalarda yaqqol seziladi, deb xabar berdi Euronews.

NASA agentligining Modis-Aqua sun’iy yo‘ldoshi dunyo okeanining yarmidan ko‘pi ko‘k rangdan asosan yashil rangga bosqichma-bosqich o‘tganinin qayd etgan. Rangini o‘zgartirgan maydon Yerdagi barcha quruqlik maydonidan kattaroqdir.

Buyuk Britaniyaning Sauthempton shahridagi Milliy okeanografiya markazi tahliliga ko‘ra, yashil rang global isish tufayli ekotizimlarning o‘zgarishi belgisi bo‘lishi mumkin. Bu o‘zgarishlar nima ekani va ularning aniq sabablari hali aniqlanmagan. Ammo, ular, ehtimol, ko‘pchilik oziq-ovqat zanjirlari asosidagi mavjudotlar - fitoplankton bilan bog‘liq. Bu organizmlar biz nafas olayotgan kislorodning ko‘p qismini ishlab chiqarishda va atmosferamizni barqarorlashtirishda ham muhim rol o‘ynaydi.

«Iqlim o‘zgarishining oqibatlari dengiz mikroorganizmlari ekotizimida allaqachon sezilmoqda», deyiladi tadqiqotda.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, okean rangining o‘zgarishi ekotizimlari holatidagi o‘zgarishlarni aks ettirishi mumkin. To‘q ko‘k ranglar hayot darajasining pasayishini, yashil ranglar esa fitoplankton faolligini ko‘rsatadi.

Olimlarning fikriga ko‘ra, okean rangidagi o‘zgarishlar tendensiyasini payqash uchun 40 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Okean rangi o‘zgarishini chuqurroq o‘rganish uchun 2024 yil yanvar oyida NASA agentligi Pace kosmik apparatini uchirishni rejalashtirilgan. U plankton, aerozollar, bulutlar va okean ekotizimini kuzatadi.

Mavzuga oid
Top