09:02 / 31.08.2023
13668

Orban g‘arbni Putin bilan Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzishga chaqirdi

G‘arb Kiyevning NATOga a’zoligini rad qilishi kerak, Donald Tramp hokimiyatga qaytganida esa Ukrainada tinchlik o‘rnatish imkoniyati paydo bo‘ladi, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban.

Foto: GEORG HOCHMUTH/APA/picture alliance

G‘arb Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelishishi va Ukrainani NATOga kirish imkoniyatidan mahrum qilishi kerak, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban. «Ukraina xavfsizligi va suverenitetini ta’minlash uchun rossiyaliklar bilan yangi xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha shartnoma kelishish kerak, lekin NATOga a’zo bo‘lmaslik lozim», dedi Orban amerikalik jurnalist va Fox News telekanali sobiq boshlovchisi Taker Karlson bilan 30 avgust, chorshanba kuni X kanalida e’lon qilgan intervyuda.

Orban Ukrainaning g‘alabasini imkonsiz deb hisoblaydi 

Vengriya bosh vaziri Ukrainaning Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishiga shubha bildirdi va Rossiya qurolli kuchlarining son jihatdan ustunligiga e’tibor qaratdi. «Siyosat bilan shug‘ullangan har bir kishi mantiqni, raqamlarni, ma’lumotlarni tushunadi, buning iloji yo‘qligini biladi. Bu Ukraina uchun fojia. Ularda Rossiyadan ham ertaroq askarlar tugaydi», - dedi Viktor Orban. Bundan tashqari, u 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning qaytarilishini «noreal» deb atadi. 

G‘arb davlatlaridan biri Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborsa, bu g‘arb va Rossiya o‘rtasida «to‘g‘ridan to‘g‘ri urush» bo‘lishini anglatadi, dedi Vengriya bosh vaziri. «Uchinchi jahon urushi bizning ostonamizda turibdi, shuning uchun biz juda ehtiyot bo‘lishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, Ukrainadagi urushni tugatishning eng yaxshi yo‘li Donald Trampning AQSh prezidentligiga qaytishi va Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish bo‘ladi, deb ishonadi Orban. U AQShning amaldagi ma’muriyati tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni tanqid qildi va Trampning tashqi siyosatini olqishlab, uni «g‘arb dunyosini qutqara oladigan odam» deb atadi. 

Kiyev Orbanni Putinning himoyachisi deb atadi

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Orbanning intervyusini tanqid qildi. «Biz Vengriyada qandayligini bilmaymiz, lekin Ukraina o‘z hududlarini ham, suverenitetini ham sotmaydi. Tinchlik bilan ham savdo qilinmaydi. Rossiya rahbariyati, bu davlatga ishlaydigan advokatlarini qanchalik jalb qilishidan qat’i nazar, ukrainaliklarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi», - dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili Oleg Nikolenko. 

2010 yildan beri hokimiyatda qolayotgan o‘ng qanot populist Viktor Orban Yevropa Ittifoqidagi eng ziddiyatli siyosatchilardan biri hisoblanadi. Boshqa narsalar qatorida u avtoritar kuchayib borayotgan ichki siyosat, sud tizimi va ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat uchun tanqid qilinadi. Bundan tashqari, Orban Putinning Yevropa Ittifoqidagi eng yaqin ittifoqchisi sifatida tanilgan. Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng, Orban hukumati, aksariyat Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rasmiylaridan farqli o‘laroq, Moskva bilan aloqalarni saqlab qoldi va bir necha bor Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bloklashga urindi. 

Bu Orbanning Tramp tarafdori sanalgan konservativ jurnalist Taker Karlson bilan ikkinchi yirik intervyusidir. Fox New Karlsonni 2023 yil aprelida 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalari haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgani sababli yuzaga kelgan mojaro ortidan ishdan bo‘shatdi. 

Top