22:19 / 20.09.2023
5705

O‘zbekistonda Citibank ofisi ochilishi mumkin 

Shavkat Mirziyoyev Citigroup tomonidan O‘zbekistonda Citibank shu’ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi. 

Foto: Kommersant’

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahriga tashrifi doirasida Qo‘shma Shtatlarning eng yirik Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashdi. 

Davlat rahbari O‘zbekiston banklari va davlat korxonalari obligatsiyalarining xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishiga ko‘maklashgan korporatsiya bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Uchrashuvda bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, mamlakatimiz kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Mirziyoyev Citigroup tomonidan O‘zbekistonda Citibank shu’ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi. 

AQSh korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlarini ko‘rsatgan holda «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi. 

Top