O‘zbekiston | 07:52 / 20.09.2023
7599
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti BMT bosh kotibi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

19 sentabr kuni Nyu-York shahrida o‘tayotgan BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqani qayd etildi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kambag‘allikka va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Antoniu Guterrish O‘zbekiston prezidentining Bosh assambleya 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, mamlakatda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini, davlat rahbari dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bosh kotib yangi «O‘zbekiston – 2030» islohotlar strategiyasiga kiritilgan maqsad va vazifalarning ko‘lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘liq hamohangligini alohida qayd etdi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid