00:50 / 02.12.2023
10763

Jorj Santos korrupsiya tufayli AQSh Kongressidan chetlatildi

Yosh kongressmenga ma’lumotlarni soxtalashtirish, homiylar kartalaridan mablag‘larni o‘g‘irlash, saylovoldi tashviqoti uchun yig‘ilgan mablag‘larni noto‘g‘ri ishlatish kabi ayblovlar qo‘yildi.

Foto: Getty Images

AQSh Kongressining Vakillar palatasi respublikachi Jorj Santosni Kongressdan chetlatishni yoqlab ovoz berdi. Bu haqda CNBC xabar berdi.

Unga 23 ta band bo‘yicha korrupsiyada ayblovlar qo‘yilgan, jumladan, ma’lumotlarni soxtalashtirish, homiylar kartalaridan mablag‘larni o‘g‘irlash, saylovoldi tashviqoti uchun yig‘ilgan mablag‘larni noto‘g‘ri ishlatish va boshqalar. Yosh kongressmenni chetlatishni yoqlab 311 kishi ovoz berdi, 114 kishi qarshi bo‘ldi.

Jorj Santos 2022 yil kuzida, 34 yoshida Vakillar palatasiga saylangan edi. Biroq, dekabr oyida unga qarshi birinchi ayblovlar paydo bo‘ldi. Bunga The New York Times gazetasida Jorj Santos saylovoldi tashviqoti vaqtida o‘z tarjimai holi faktlarini soxtalashtirgani haqida e’lon qilingan maqola sabab bo‘ldi.

Keyinchalik The Wall Street Journal nashri Jorj Santos moliyaviy piramida sifatida tan olingan va unga qarshi sudga da’vo kiritilgan Harbor City Capital kompaniyasida ikki yil ishlaganini yozdi.

Jorj Santos AQSh tarixida Kongressdan chiqarib yuborilgan Vakillar palatasining oltinchi a’zosi bo‘ldi. Oxirgi marta bu 20 yildan ko‘proq vaqt oldin sodir bo‘lgan va Jyeyms Trafikant bir nechta jinoyatlarda, jumladan poraxo‘rlikda aybdor deb topilganidan so‘ng Kongressdagi mansabidan mahrum qilingan edi.

Jorj Santos ketganidan keyin AQSh Vakillar palatasida respublikachilar soni 221 kishi bo‘lib qoldi. Hozir u yerda 213 nafar demokrat bor va ular allaqachon bo‘shatilgan o‘ringa o‘z vakillaridan birini joylashtirish harakatlarini boshlab yuborgan.

Qonunga ko‘ra, Vakillar palatasi a’zosi chiqarib yuborilganidan keyin o‘n kun ichida navbatdan tashqari saylov tayinlanishi, nomzodlar bo‘yicha ovoz berish esa 70-80 kun ichida, fevral oyida o‘tkazilishi kerak.

Mavzuga oid
Top