09:52 / 25.12.2023
3454

Temiryo‘l transporti to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi

«Temiryo‘l transporti to‘g‘risida» yangi tahrirdagi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qonun loyihasining asosiy g‘oyasi temiryo‘l tarmog‘ini rivojlantirish uchun tegishli huquqiy muhit yaratish, temiryo‘l transportini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, davlat va fuqarolarning temiryo‘l transportida yo‘lovchi va yuklarni xavfsiz tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishdan iborat.

Qonun loyihasi 8 bobdan (44 moddadan) iborat. Unda «Temiryo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonunning tushunchalar qismiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish, ya’ni «temiryo‘l transporti tashuvchisi», «umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘l transporti», «temiryo‘l infratuzilmasi», «umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘llar» va boshqalar yangi tushunchalarni joriy etish va ochib berish ko‘zda tutilgan.

Shu munosabat bilan, qonun loyihasining alohida moddalarida ushbu tushunchalar va ularga qo‘yiladigan talablarning barchasi ko‘rsatilgan, bir-biriga nomuvofiq bo‘lgan va havolaki normalar qayta ko‘rib chiqilgan. 

Amaldagi qonunda «temiryo‘l transporti (temiryo‘l)» tushunchasida faqat umumiy foydalanishdagi temiryo‘l transporti («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ holdingi) nazarda tutilgan bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘l transporti qamrab olinmagan (iqtisodiyotning turli tarmoqlariga tegishli ko‘plab sanoat korxonalari, faoliyatida temiryo‘l transportidan foydalanadigan, mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan, umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘llar, infratuzilma obektlari va harakatdagi tarkibga ega bo‘lgan yuridik shaxslar (qishloq xo‘jaligi, savdo, neft, qazib olish, kimyo sanoati va boshqa sohalar).

Shu munosabat bilan, «temiryo‘l transporti» tushunchasi qayta ko‘rib chiqilgan va yangi tahrirda berilgan, bunda respublikaning temiryo‘l transporti belgilangan maqsadlar bo‘yicha umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘l transportiga ajratildi.

Top