18:20 / 27.02.2024
4028

Ota-onalarga bolalarni jismoniy jazolash taqiqlanishi mumkin 

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasida muhokama qilindi. 

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda ota-onalarga bolalarni tarbiyalashda jismoniy jazo qo‘llash taqiqlanishi mumkin. Bu haqda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasida nazarda tutilgan. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 fevraldagi yig‘ilishida ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. 

Qonun loyihasida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilanadi. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilyapti. 

Shuningdek, ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda. 

Deputatlarning ta’kidlashicha, loyihaning qabul qilinishi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Loyihani ikkinchi o‘qishda qonunning ta’sirchanligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan takliflar kiritilishi mumkin.

Top