10:51 / 11.03.2024
16436

Ikki indoneziyalik uchuvchi parvoz vaqtida yarim soatga uxlab qoldi

Taxminan yarim soat davomida 153 yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot Indoneziyada uchuvchilarsiz parvoz qildi, ularning ikkalasi ham tungi reys vaqtida uxlab qolgan. Samolyot o‘z kursidan chetga chiqib ketgan. Aviakompaniya ikkinchi uchuvchi uydagi bolalari tufayli dam olmaganini tushuntirdi.

Foto: Markus Mainka / picture alliance / Global Look Press

Indoneziyaning Batik Air aviakompaniyasi ikki uchuvchisi ichki reys paytida 28 daqiqaga uxlab qoldi, deya xabar beradi Indoneziya Transport xavfsizligi milliy qo‘mitasi (KNKT).

Hodisa yanvar oyida Kendaridan poytaxt Jakartaga parvoz qilayotgan Airbus A320 bortida sodir bo‘lgan. Samolyotda 153 yo‘lovchi bo‘lgan va u 11 km balandlikda uchib ketayotgandi. 

Samolyotning 32 yoshli kapitani havoga ko‘tarilganidan bir yarim soat o‘tgach, ikkinchi uchuvchining roziligini olib, uxlab qolgan. 45 daqiqadan so‘ng kapitan uyg‘onib, 28 yoshli ikkinchi uchuvchiga dam olishni taklif qilgan, biroq u buni rad etgan, shundan so‘ng kapitan yana uxlagan. Keyingi 20 daqiqa davomida ikkinchi uchuvchi aviadispetcherlar bilan bog‘lanib, bort kuzatuvchilari bilan muloqot qilgan, biroq tez orada o‘zi ham uxlab qolgan. Ayni paytda, yer usti xizmatlari ular bilan bog‘lanishga harakat qilgan, biroq javob bo‘lmagan. Ikkinchi uchuvchining so‘nggi yozib olgan so‘zidan 28 daqiqa o‘tgach, kapitan uyg‘onib, samolyot yo‘nalishidan chiqib ketganini va sherigi uxlab yotganini ko‘rgan. U dispetcherlarga «radio-aloqa bilan bog‘liq muammolar» borligini aytgan, shundan so‘ng samolyot hech qanday muammosiz Jakartaga qo‘ngan. 

Parvoz davomiyligi 2 soat-u 35 daqiqani tashkil etdi. Qisqa magistraldagi parvozlar qoidalari ikki uchuvchidan biriga qisqa vaqt uxlab olishga imkon beradi, ikkinchisi esa bu paytda parvozni boshqaradi. 

KNKT ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi parvoz oldidan kechasi yetarlicha dam olmagan, chunki rafiqasiga uyda ikki oylik egizaklarini qarashga yordam bergan.

Batik Air parvozlar xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha barcha tavsiyalarni bajarishga va’da berdi. Uchuvchilarning parvozlari vaqtincha to‘xtatildi.

Indoneziya transport vazirligi voqea yuzasidan Batik Air kompaniyasini «qattiq ogohlantirdi», dedi vazir Kristi Enda Murni. U aviakompaniyalarni xodimlarining qancha dam olishiga e’tibor qaratishga chaqirdi va tungi reyslarni tekshirishga va’da berdi. 

Top