12:57 / 23.03.2024
23572

Keyt Middlton saraton kasalligiga chalinganini e’lon qildi

Uels malikasi Keyt Middlton saraton kasalligiga chalinganini va kimyoterapiya qabul qilayotganini ma’lum qildi.

Foto: AP

Uels malikasi Keyt Middlton unga saraton tashxisi qo‘yilganini e’lon qildi. Bu haqda u Instagram’dagi rasmiy sahifasidagi videomurojaatida aytdi.

Malika Keyt 2024 yil yanvar oyi o‘rtalarida operatsiya qilingandi. Qirollik saroyi rasmiy xabarida barchasi yaxshi o‘tgani aytilgan. Ammo u uzoq vaqt ommaga ko‘rinish bermadi. Mart oyigacha vaziyat tinch bo‘lib turdi. Ammo keyin Keyt uch farzandi bilan birga fotosuratini namoyish etganidan keyin darhol jahondagi yetakchi nashrlar nazariga tushdi: suratda fotoshop belgilari aniqlangandi.

U kasalligi haqidagi xabarni qabul qilishi va bolalarga hamma narsani tushuntirish uchun media maydonidan bir necha hafta chetda turishni lozim topganini aytgan. Keyt va valiahd shahzoda Uilyamning 3 nafar: o‘n yoshli Jorj, sakkiz yoshli Sharlotta va besh yoshli Lui ismli farzandlari bor.

The Guardian nashrining Bukingem saroyi matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, Uels malikasi ijtimoiy tarmoqlardagi mish-mishlarga chek qo‘yish uchun butun haqiqatni aytishni lozim deb topgan. Hozirda u kimyoterapiya qabul qilmoqda.

«Bu, albatta, katta zarba bo‘ldi. Men va Uilyam muammoni hal qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz. Siz tasavvur qilayotganingizdek, bu vaqt talab etadi. Bu menga katta operatsiyadan keyin tiklanish va davolanishni boshlash uchun kerak edi», degan Keyt Middlton.

Top