19:15 / 29.03.2024
7597

Namanganda bolani qarovsiz qoldirgan tarbiyachilar jazolandi

Otasi bunga e’tiroz bildirgach, tarbiyachilar bolaga ruhiy bosim o‘tkazib, uni haqorat qilgani ta’kidlanmoqda. 

Namangan viloyati, Pop tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi va yordamchilari o‘z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lgani sababli jazolandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, M.T. 2019 yilda tug‘ilgan o‘g‘lining Pop tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashi, 21 fevral kuni pedagog xodimlar guruhdagi bolalarni qarovsiz qoldirgani, shu sababli u pedagog xodimlarga e’tiroz bildirganini ma’lum qilgan. 

Shundan so‘ng, tarbiyachilar bolaga ruhiy bosim o‘tkazib, uni haqorat qilgani ta’kidlanmoqda. Ota ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rib, farzandining huquqlari himoya qilinishini so‘ragan. 

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi ushbu holatni atroflicha o‘rgangan. Natijada xodimlar o‘z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lgani aniqlangan. 

Ularga nisbatan Mehnat Kodeksining 312-moddasi 1-bandiga asosan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid
Top