AstraZeneca koronavirusga qarshi o‘z vaksinasi tromb hosil qilishi mumkinligini tan oldi
Vaksina juda kamdan-kam hollarda «tromb hosil qilishi va trombotsitlar darajasini pasaytirishi», bu esa o‘limga olib kelishi mumkin.
AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi koronavirusga qarshi keng qo‘llanadigan o‘zining Covishield vaksinasi ba’zi nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkinligini tan oldi. Ular orasida qon quyulishi oqibatida tromblarning hosil bo‘lishi va trombotsitlar darajasining pasayishi bor. Bu haqda The Independent yozdi.
Qayd qilinishicha, Covishield britaniya-shvetsiya kompaniyasi tomonidan Oksford universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va Hindistonning Serum instituti tomonidan ishlab chiqarilgan. Ushbu vaksina 150 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham keng qo‘llanilgan.
Pandemiya davrida olib borilgan ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, vaksina yangi koronavirusdan 60-80 foizgacha himoya qiladi. Ammo keyingi tadqiqotlar natijasida Covishield ba’zi odamlarda tromblarni hosil qilishi, bu esa o‘limga olib kelishi mumkinligi aniqlangan.
Nashrning yozishicha, Buyuk Britaniyada sudga kiritilgan jamoaviy da’voda vaksina o‘limga va jiddiy jarohatlarga olib kelgani aytiladi. Taxminan 50 nafar jabrlanuvchi kompaniyadan 100 million funt sterling tovon puli talab qilgan. Da’vogarlardan biri vaksina o‘zida tromb hosil qilgani, oqibatda miyasiga jiddiy shikast yetib, mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotganini aytgan.
AstraZeneca bu da’volarga e’tiroz bildirgan, ammo sud jarayoni vaqtida vaksina juda kamdan-kam hollarda «tromb hosil qilishi va trombotsitlar darajasini pasaytirishini» (trombotsitopeniya bilan tromboz sindromi, Ts) birinchi marta tan olgan.
«AZ vaksinasi juda kamdan-kam hollarda Ts keltirib chiqarishi mumkin. Sababi noma’lum. Bundan tashqari, Ts vaksinasiz (yoki boshqa vaksina bilan) ham kelib chiqishi mumkin. Har bir holat alohida ekspertiza talab qiladi», deyiladi kompaniya bayonotida.
Avvalroq, AstraZeneca Ts vaksina sababli kelib chiqishini tan olmagan edi. Suddagi bayonoti esa bunga zid ekani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Covishield hayot uchun xavfli bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlarga ega ekanini tasdiqlagan.
«Ushbu vaksina bilan emlanishdan keyin trombotsitopeniya bilan tromboz sindromi (Ts) deb ataladigan juda kam uchraydigan nojo‘ya ta’sir aniqlandi, bu trombotsitlar darajasining pastligi bilan bog‘liq bo‘lgan g‘ayrioddiy va og‘ir qon ivish hodisasi», deb xabar berdi tashkilot.
Tibbiyot fanlari xalqaro tashkilotlari kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, «juda kam uchraydigan» nojo‘ya ta’sirlar 10 ming holatdan birida yuz beradi.
Mavzuga oid
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
16:51 / 25.11.2024
Bolalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan maymun chechak vaksinasi tasdiqlandi
20:40 / 06.11.2024
AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi
17:48 / 01.11.2024