Jahon | 08:25 / 22.07.2024
2860
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri: Baydenning qarori e’tirofga loyiq

Olaf Shols Jo Baydenni AQSh prezidentlik saylovlaridan chiqish qarori uchun olqishladi. Germaniyadagi aksariyat yirik siyosatchilar kanslerning fikriga qo‘shildi.

Foto: POTUS / Twitter

Germaniya kansleri Olaf Shols Jo Baydenning AQSh prezidentlik poygasidan chiqish qarorini qo‘llab-quvvatladi. «Mening do‘stim Jo Bayden ko‘p narsaga erishdi: o‘z mamlakati, Yevropa uchun unga rahmat. U tufayli transatlantik hamkorlik rivojlandi, NATO kuchli, AQSh esa - biz uchun yaxshi va ishonchli hamkor. Uning nomzodini ko‘rsatmaslik qarori e’tirofga loyiq», — deb yozdi u Germaniya kansleri X ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida 21 iyul, yakshanba kuni. 

GFRdagi boshqa siyosatchilar Baydenning saylovlardan voz kechish qarori haqida nima dedi?

Bundestagning tashqi ishlar qo‘mitasi raisi, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) vakili Mixael Rot Jo Baydenni «muvaffaqiyatli prezident, Yevropa va Germaniyada biz undan ko‘p narsa qarzdormiz» deb atadi. «Siyosatda xayrlashish uchun to‘g‘ri daqiqani topish oson emas. Bu achinarli va uning xizmatlariga munosib emas. Rahmat, janob Prezident!» - deb yozgan Rot o‘zining X akkauntida. 

GSDPdan Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax aytishicha, Bayden «buyuklikni namoyish etdi va bu qaror hurmat qilishga loyiqdir». «Endi saylov kampaniyasi yana hayajonli kechadi», - deya xulosa qildi siyosatchi.

«Ittifoq 90/«yashillar» partiyasi hamraisi Rikarda Langning aytishicha, Jo Bayden «o‘z mamlakatiga prezident sifatida yaxshi xizmat qilgan» va poygadan chiqishi bilan «xuddi shunday qilmoqda». «Unga hurmatim cheksiz!» - deya u Oq uy rahbarining yangi muddatga saylanmaslik haqidagi qaroriga izoh berdi. 

Jo Baydenning pozitsiyasini muxolifatdagi konservativ XDP partiyasi rahbari Fridrix Mers ham qo‘llab-quvvatladi. «Jo Bayden ellik yildan ortiq Amerika xalqiga xizmat qildi. Uning bugungi qarori chuqur hurmatga loyiq», deb yozadi u.

Germaniya adliya vaziri, Erkin demokratik partiya (EDP) vakili Marko Bushman Jo Baydenni «taqdirning dahshatli zarbalariga qaramay, o‘z mamlakatiga o‘nlab yillar davomida xizmat qilgan alohida shaxs» deb atadi. «Uning bu xizmat qachon tugashini mustaqil belgilash haqidagi qarori chuqur hurmatga loyiq», - dedi siyosatchi. 

Tyuringiya yer parlamentidagi o‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi fraksiyasi rahbari, avvalroq natsistlar shiori uchun jarimaga tortilgan Byorn Xyokke ko‘pchilik yetakchi nemis siyosatchilarining fikriga qo‘shilmadi. Uning fikricha, Jo Bayden «orqa fonda qolishni afzal ko‘rganlar uchun qo‘g‘irchoq» edi. «Ammo agar qo‘g‘irchoqning marra chizig‘ini kesib o‘tish imkoniyati bo‘lmasa, ommaviy axborot vositalari to‘plangan kuchiga qaramay, u ketishi kerak», deb yozadi u. 

Jo Baydenning saylovdan voz kechishi va Kamala Harris nomzodi 

Jo Bayden bir necha soat oldin AQSh prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. Bayden tez orada xalqqa murojaat qilib, tafsilotlarni aytib berishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi muddatining qolgan qismida asosiy e’tiborini prezidentlik vazifalarini bajarishga qaratadi. 

Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. «Demokratlar - birlashish va Trampni yengish vaqti keldi. Keling, buni qilaylik!» - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Keyinchalik amaldagi vitse-prezident Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. 21 iyul, yakshanba kuni Amerika OAV uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Prezidentning tasdig‘ini olish men uchun katta sharaf va men bu nomzodlikni qo‘lga kiritish va g‘alaba qozonish niyatidaman». Harris respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid