Tayvan Xitoy faolligi sabab o‘z armiyasini jangovar shay holatga keltirdi
Tayvandagi barcha harbiy bo‘linmalarga jangovar shay holatga kelish buyurildi. Bunga Xitoy orol yaqinidagi kemalari sonini deyarli ikki barobarga oshirgani sabab bo‘ldi.
Tayvan armiyasi bo‘linmalari Xitoyning orol yaqinidagi faolligi tufayli jangovar shay holatga keltirildi.
«Barcha harbiy bo‘linmalarga Xitoy xalq ozodlik armiyasining faolligini kuzatish va jangovar shay bo‘lish buyurildi», — deyiladi Tayvan mudofaa idorasining xabarida.
8 dekabr kuni kechqurun Xitoy Tayvan yaqinidagi kemalari sonini deyarli ikki barobarga oshirdi, 9 dekabr kuni esa Tayvan bo‘g‘ozi bilan chegaradosh Futszyan va Chjetszyan provinsiyalaridan sharqda joylashgan yettita havo hududida harakatlanishni chekladi.
Bundan tashqari, orolda jangovar shaylikni ta’minlash bo‘yicha o‘quvlar boshlangan. Xitoy hozircha Tayvan tomonidan ko‘rilayotgan choralarga izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Xitoy Tayvan yaqinida harbiy o‘quvlar o‘tkazgan edi. Dekabr boshlarida esa XXR harbiy sanoatga bog‘liq 13 Amerika kompaniyasi, shuningdek, olti nafar top-menejerga qarshi sanksiyalar joriy etildi va Pekin buni Tayvanga qurol sotilayotgani bilan izohladi.
Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi sifatida ko‘radi, ammo orol o‘zini alohida davlat deb hisoblaydi va o‘z hukumati hamda qurolli kuchlariga ega. Orol hukumati 1949 yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin materik Xitoydan mustaqilligini e’lon qilgan, ammo Tayvanni faqat Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin mamlakat suveren davlat sifatida tan olgan.
Mavzuga oid
23:51 / 10.12.2024
Xitoy «Hongkong ishiga aloqador» AQSh fuqarolariga viza berishni chekladi
17:01 / 09.12.2024
Qirg‘iz hukumati «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi uchun yer ajratdi
15:50 / 09.12.2024
Trampning savdo siyosatiga Xitoy qanday javob qaytarishi mumkin?
16:56 / 07.12.2024