«Suriya dunyoga xavf tug‘dirmaydi». Al-Jo‘laniy BBC uchun intervyu berdi
U «Suriya Afg‘oniston emasligi va bo‘lmasligi»ni ta’kidlagan.
Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad al-Shar’a mamlakat urushlar natijasida holdan toygani va endi o‘z qo‘shnilari yoki G‘arbga xavf tug‘dirmasligini aytdi. U Damashqda BBC uchun bergan intervyusida Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan.
Al-Shar’a yashin tezligida kechgan va ikki haftadan kamroq vaqt ichida Bashar Asad rejimi ag‘darilishiga olib kelgan yurishga boshchilik qildi. U isyonchilar alyansidagi asosiy kuch bo‘lgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbari bo‘lib, bunga qadar Abu Muhammad al-Jo‘laniy taxallusi bilan tanilgandi.
U Hshni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish lozimligini aytgan. BMT, AQSh, Yevroittifoq, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar guruhni shunday ro‘yxatiga tirkagan — Hsh o‘z faoliyatini 2016 yilda «Al-Qoida» tashkilotidan ajralib chiqqan holda boshlagandi.
Ahmad al-Shar’a «Hay’at Tahrir ash-Shom» terrorchilik guruhi emasligini ta’kidlagan.
«Ular tinch aholiga yoki fuqarolar yashaydigan hududlarga hujum qilmadi. Aslida, ular o‘zini Asad rejimi jinoyatlari qurboni deb hisoblaydi. Qurbonlarga esa tajovuzkorlarga qilinadigan munosabat ko‘rsatilmasligi lozim», degan isyonchilar yetakchisi.
Al-Shar’a Suriyani ikkinchi Afg‘onistonga aylantirishi mumkinligi haqidagi shubhalarni rad etgan.
U bu mamlakatlar turlicha va turli an’analarga ega ekanini ta’kidladi. «Afg‘oniston — qabila jamiyati. Suriyada esa boshqacha mentalitet mavjud», degan al-Shar’a. U ayollar ta’limi zarurligiga ishonishini aytgan.
«Idlibdagi universitetlarimiz sakkiz yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritmoqda. Fikrimcha, bu universitetlarda ayollarning ulushi 60 foizdan yuqori», deydi al-Shar’a.
Suriyada alkogolga ruxsat berilishi ehtimoliy haqidagi savolga javoban shunday degan: «Shunchaki men gapirish huquqim bo‘lmagan ko‘p narsa bor, chunki bular — yuridik masalalar».
Al-Shar’a Suriyada huquqshunoslardan iborat qo‘mita tashkil etilib, u yangi konstitutsiyani ishlab chiqishini aytgan: «Qaror qabul qilish ularning vazifasi. Va har qanday hukmdor yoki prezident qonunga rioya etishi shart», dedi u.
Butun intervyu davomida fuqarolik kiyimida o‘tirgan isyonchilar yetakchisi o‘zini erkin tutgan va uning guruhini ekstremistik o‘tmishidan uzilmagan deb hisoblovchilarni xotirjam qilishga uringan.
Ko‘plab suriyaliklar esa unga ishonmayapti.
Suriya hukumatining yaqin oylardagi harakatlari ular Suriyani qanday davlat sifatida ko‘rmoqchiligi va uni qanday boshqarmoqchi ekanini ko‘rsatib beradi.
Mavzuga oid
21:32
Jo‘laniy: «Isroil bilan muammo istamaymiz»
20:46
Sednaya - Suriyaning eng dahshatli nuqtasi. Ayrim mahbuslar bu yerda o‘nlab yillar o‘tirgan
16:58
Suriya lagerlaridan fuqarolarni qaytarishda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilik qilmoqda
16:54