Iqtisodiyot | 22:07 / 03.01.2025
5712
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda O‘zbekistondagi narxlar qanday o‘zgardi?

O‘zbekistonda 2024 yilgi rasmiy inflatsiya 9,8 foizni tashkil etdi. Yil davomida oziq-ovqatlardan mol go‘shti narxi 13,3 foiz, qo‘y go‘shti narxi 14,6 foizga oshgan bo‘lsa, guruch, shakar va tuxum arzonlashgani qayd etildi. Elektr energiyasi 67 foizga, tabiiy gaz 2,3 barobarga, propan 30,9 foizga, metan esa 21 foizga qimmatlashgan.

Foto: Kun.uz

2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda rasmiy inflatsiya 9,8 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda oziq-ovqat narxlari 2,4 foizga (2023 yilda – 9,7 foiz), nooziq-ovqat tovarlar 7,7 foizga (7,7 foiz), xizmatlar narxi esa 26,7 foizga (8,7 foiz) oshgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi

Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yil davomida guruch 6,3 foizga, bug‘doy uni 3,9 foizga, shakar 3,7 foizga, tuxum 7,3 foizga arzonlashgan.

O‘z navbatida bir qator asosiy turdagi tovarlarning bahosi sezilarli darajada qimmatlashgan:

  • Suyakli mol go‘shti – 13,3 foiz;
  • Qo‘y go‘shti – 14,6 foiz;
  • Tovuq go‘shti – 1 foiz;
  • Kungaboqar yog‘i – 14,6 foiz;
  • Paxta yog‘i – 15,3 foiz;
  • Sut – 6 foiz;
  • Kefir – 6,6 foiz;
  • Oq qand – 2.8 foiz;
  • Tirik, sovitilgan baliq – 6,8 foiz;

2024 yil davomida baqlajon, limon, pomidor va bodring, bulg‘or qalampiri, banan narxlarida pasayish qayd etilgan. Kartoshka, sarimsoq, sabzi, piyoz, mandarin, ko‘katlar narxlari esa 1,4-39,9 foiz oralig‘ida o‘sgan.

Energetika resurslari narxlarining o‘zgarishi

O‘tgan yilda umumiy inflatsiyaga eng ko‘p ta’sir qilgan omil – energetika resurslari narxlarining oshishi bo‘ldi. Xususan, 2024 yilda turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i turlarining narxi quyidagicha o‘zgargan:

  • Ta’mirlash va turar joylarga xizmat ko‘rsatish – 10,3 foiz;
  • Isitish tizimi – 36 foiz;
  • Issiq suv ta’minoti – 32,1 foiz;
  • Tabiiy gaz – 129 foiz;
  • Elektr energiyasi – 67 foiz;
  • Chiqindilarni yig‘ish – 54,7 foiz.

Statistika organiga ko‘ra, o‘tgan yilda benzin narxi 5,9 foizga, propan narxi 30,9 foizga, metan narxi 21 foizga qimmatlashgan.

2024 yil 1 apreldan tibbiy xizmatlar va O‘zbekistonga olib kirilgan dori vositalari bo‘yicha QQS imtiyozining bekor qilinishi fonida ushbu sektordagi narxlarning oshishi ham yillik umumiy inflatsiyadan ancha baland shakllangan. Jumladan, narxlar quyidagi ko‘rinishda oshgan:

  • Dori vositalari – 26,2 foiz;
  • Profilaktik va himoya vositalari – 20 foiz;
  • Shaxsiy foydalanish uchun tibbiy uskunalar – 15,3 foiz;
  • Stomatologiya xizmatlari – 12,4 foiz;
  • Tibbiy laboratoriyalar xizmatlari – 14,5 foiz;
  • Diagnostika vizualizatsiyasi xizmatlari – 15,6 foiz.

Qayd etilishicha, yil davomida poyezdlar uchun chipta narxlari o‘rtacha 12,6 foizga (shahar ichidagi poyezdda yo‘l haqi 40,1 foizga), taksi narxlari 12,2 foizga, samolyot uchun chipta narxlari 1,2 foizga oshgan.

Davlat bog‘chalari uchun to‘lov 20 foizga, xususiy bog‘chalarniki 12,3 foizga, davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim narxi 15,1 foizga, xususiy oliy o‘quv yurtlarida esa 0,5 foizga qimmatlagan. Repetitor xizmatlari narxi esa 16 foizga o‘sgan.

Mavzuga oid