Jahon | 18:01 / 05.01.2025
3276
3 daqiqa o‘qiladi

Armaniston Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Tiran Xachatryan hibsga olindi

General-leytenantning tarafdorlari Xachatryanga qarshi jinoiy ishni «faol fuqarolik pozitsiyasi uchun jazo» deb atamoqda. U 2021 yilda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyanga qarshi bayonotlar berganidan keyin lavozimdan olingan edi.

Yerevan sudi Armaniston Qurolli kuchlari bosh shtab boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Tiran Xachatryanni urush vaqtida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun hibsga olish bo‘yicha qaror chiqardi. General-leytenantning tarafdorlari Xachatryanga qarshi jinoiy ishni «faol fuqarolik pozitsiyasi uchun jazo» deb atamoqda.

Masis Melkonyan raisligida o‘tgan sud qarori to‘g‘risida generalning advokatlari Varazdat Arutyunyan va Armen Andrikyan ma’lum qilgan. Himoyachilarning so‘zlariga ko‘ra, Xachatryan ayblanayotgan ish bo‘yicha tergov qariyb uch yildan beri davom etmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu uch yil davomida general-leytenent so‘roqlarda guvoh sifatida ishtirok etgan. Advokatlar ishga oid tafsilotlarni ochiqlamagan, ammo u «44 kunlik urush» bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Jinoyat ishi doirasida to‘plangan hujjatlar besh tom va 1,5 ming sahifaga yetgan.

Himoyachilarning hisoblashicha, Tiran Xachatryan ish tergovi uchun emas, balki «urushdagi mag‘lubiyat uchun aybdorni jazolash» maqsadida hibsga olingan.

Tiran Xachatryan Bosh shtab boshli o‘rinbosari lavozimidan 2021 yil fevralda olingan edi. General-leytenant lavozimdan ketganidan keyin o‘nlab yuqori martabali harbiylar Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qildi. OAV Xachatryanning iste’fosini lavozimdan olingan kuni bosh vazir haqida bildirgan bayonotlari bilan bog‘lamoqda. O‘shanda general-leytenant jurnalistlar bilan suhbatda bosh vazirning Rossiyaga tegishli «Iskander» raketalarining «faqat 10 foizi portlagani» haqida aytgan gaplari ustidan kulgandi.

Dekabr oxirida Moskvada Armaniston sobiq mudofaa vaziri Arshak Karapetyan qo‘lga olingan edi. Karapetyan 2018 yildan 2021 yilga qadar Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning maslahatchisi bo‘lgan. 2021 yil avgustda u mudofaa vaziri etib tayinlangan, 15 noyabrda esa iste’foga chiqarilgan.

2023 yil oktyabrda Karapetyan Pashinyanni xiyonatda ayblagandi, uning fikricha, bosh vazir tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ armiyasining yo‘q qilinishiga sababchi bo‘lgan.

Mavzuga oid