O‘zbekiston | 17:09 / 25.01.2025
6443
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda bunaqasi bitta”: Marhamatdagi aylana kutubxonaga sayohat

Andijon viloyatining Marhamat tumanida O‘zbekistonda yagona bo‘lgan aylana shaklda uch qavatli kutubxonada hozir 30 mingdan ziyod bosma, 400 mingdan ortiq elektron kitoblar mavjud. Ushbu ziyo maskanini tadbirkor Qobiljon Obidov Turkiyadagi xalq kutubxonasiga havas qilib, qurishga ahd qilgan va bu ishni 6 oydayoq uddalagan.

Qobiljon Obidov muhtasham kutubxona qurilishi g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani va ziyo maskanining imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.

Turkiya kutubxonasidan hayratlangandim...

“Prezidentimiz 2020 yili fevral oyida Turkiyaga davlat tashrifi bilan borib, xalq kutubxonasi ochilishida ham qatnashgandi. To‘g‘risi, zangori ekranda kutubxonani tomosha qilib ta’sirlandim, unda o‘zbek adabiyoti vakillari borligidan g‘ururlandim ham.

Qobiljon Obidov

Turkiya kutubxonasini ko‘rib chindan hayratga tushgandim va men ham o‘zimizning Marhamat tumani yoshlari uchun kutubxona tashkil qilishga jiddiy kirishdim. Oila a’zolarim bilan bu haqda maslahatlashdim, o‘sha yili mart oyidayoq qurilish ishlari boshlandi.

Sentyabr oyida qurib bitkazib, foydalanishga topshirdik. Hozirgi kunda 30 mingdan ziyod bosma kitoblar, 400 mingdan ziyod elektron kitoblar bazasi mavjud. Har kuni 200-250 nafar kitobxon mavjud adabiyotlardan foydalanyapti”.

Kutubxonada barcha xizmatlar bepul

“Yoshligimizda kutubxonalarimiz kichkina bo‘lardi. Dastavval respublika, viloyat kutubxonalarini ko‘rdim, maslahatlashdim, keyin mana shunday zamonaviy kutubxona ochishga qaror qilganman. Bu yerda barcha xizmatlar bepul, xodimlarga o‘z hisobimdan oylik to‘layman, 4 nafar xodim ishlaydi. Kutubxona ochilganda barcha birdek quvondi.

Andijon paxtachilik instituti va Andijon iqtisodiyot institutini tugatganman, iqtisodchiman. 15 yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Oxirgi 6-7 yilda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar sabab faoliyatimizni rivojlantirib, kutubxona uchun ham sharoit qiloldik. Asosiy tadbirkorligim savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, shifoxona, bolalar bog‘chasi bor. Kutubxonadan tashqari, shaxmat va voleybol maktabi ham qurdim.

Qishloq joyda qurilgan kichik bir binoga prezidentimiz tashrif buyurgach, boshim osmonga yetdi va men uchun bu mas’uliyat ham bo‘ldi”.

Kelajak uchun sarflangan mablag‘ hisoblanmaydi

“Kutubxona qurishni boshlaganimda foyda keltirmasa, nima qilasiz qurib, shu mablag‘ni boshqa biznesga tiksangiz bo‘lmaydimi, deganlar ko‘p bo‘ldi. Kitob uchun — yoshlar, O‘zbekiston kelajagi uchun ketgan mablag‘ga zarracha achinmayman va hisoblamayman ham. Shuning uchun kutubxonaga ketgan mablag‘ni hisoblab o‘tirganim yo‘q, keragicha sarfladim.

Yoshligimizda katta shaharlarda o‘qisak, katta kutubxonalarga borsak, shaxmat, voleybol maydonlari bo‘lsa, bizdan ham chempionlar chiqsa, deb orzu qilardim. Shu orzularim yo‘lida mana shu ishlarni qildim.

Shaxmat maktabimizdan O‘zbekiston va Osiyo chempionlari chiqdi. Kutubxonadan har kuni ko‘plab yoshlar foydalanadi, shu yerda o‘qib, foydalanib oliy o‘quv yurtlariga kiryapti yoshlar. Mana shular mening yutug‘im, yurtimiz kelajagi uchun qo‘shayotgan hissam. Yoshlarimiz jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘taryapti.

Kutubxonani qurishdan avval viloyat hokimi, arxitektorlar bilan maslahatlashdim. Internet orqali Germaniya, Angliya, Turkiya kutubxonalari bilan tanishdim. Shundan keyin o‘zimizning sharoitga moslab, loyihani tayyorladik. Kutubxonadan bemalol bookcafe sifatida foydalansa ham bo‘ladi, buning uchun barcha sharoitlar yetarli.

Kutubxonada o‘zbek, qozoq, ingliz, rus va boshqa tillarda adabiyotlar bor. Bundan tashqari, chet tilini o‘rganish uchun ham imkoniyatlar mavjud. Kitoblar tanlashda adabiyotshunos Shuhrat Rizayev, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov, kitob fondini ko‘paytirishda esa Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yaqindan yordam berdi.

Bunday yutuqlarga erishishimga ota-onam duolari sabab deb o‘ylayman. Har kuni uydan chiqib ketayotganimda onam duo bilan kuzatadi va albatta, duolar ijobatini ko‘rib yuribman”, — deydi Qobiljon Obidov.

Sarvar Ziyoyev

Mavzuga oid