Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida takroriy portlash yuz berdi. Mahalliy aholiga ko‘ra, voqea konning avvalroq avariyaga uchragan hududida emas, yangi burg‘ilangan quduqda yuzaga kelgan. Energetika vazirligi buni “vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi” deb atamoqda, ammo nima sabab sodir bo‘lganidan bexabar. Hozirda tabiatga zarar yetkazmaslik uchun quduq yoqib qo‘yilgan, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagani aytildi.
Surxondaryoning Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konidagi avariya yana kun tartibiga qaytdi. 2025 yilning 27 mart kuni “M-25” gaz konidagi 202-sonli quduqda navbatdagi portlash sodir bo‘ldi.
Kun.uz’ga hodisa haqida qisqacha ma’lumot bergan fuqaroga ko‘ra, holat konning avvalroq avariyaga uchragan quduqlarida emas, boshqa joyida yuzaga kelgan.
“Biz Kofrundamiz, oldingi gaz yongan taraf bu [boshqa] tomonda edi, hozir boshqa joydan yana yonyapti… Gaz yana portladi. Yangi burg‘ilash joyida yana gaz portladi”, – deyiladi hamyurtimiz jo‘natgan videoda.
Energetika vazirligi buni “vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi” deb atagan. Ammo rasmiylar “nazoratli otilish”ning sabablaridan bexabar. Noxush vaziyat va yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilib, qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Shu yerda mantiq yo‘qoladi, qanday qilib sabablari aniqlanishi kutilayotgan jarayonda “nazorat ostidagi otilish yuzaga kelgan” deyish mumkin?
Qayd etilishicha, tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida hozirda 202-sonli quduq yopib qo‘yilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi brigadasi yetib borgan.
Ishlarni tashkil etish maqsadida Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari ham hodisa joyiga yetib kelgan.
“Ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan samarali foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan choralar ko‘rilmoqda.








