Jahon | 21:57 / 21.08.2025
5633
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Moskva-Kiyev muzokaralarida ishtirok etmaydi

Qayd etilishicha, Tramp Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni keyingi bosqich deb hisoblamoqda. Tramp ikki tomonlama muzokaralar yakunidan kelib chiqib uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.

Foto: Doug Mills/The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiyaga uning ishtirokisiz ikki tomonlama muloqot qilish imkoniyatini berdi, deb yozmoqda The Guardian nashri o‘z manbalariga tayanib.

Qayd etilishicha, Tramp Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni keyingi bosqich deb hisoblamoqda. AQSh yetakchisi ikki tomonlama muzokaralar yakunidan kelib chiqib uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp «kutish rejimi»da.

Avvalroq Zelenskiy Tramp dastlab ikki davlat rahbarlari darajasida muzokara o‘tkazishni taklif qilganini aytgandi.

Politico nashri esa Zelenskiy bilan yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazishni Trampdan Putin iltimos qilganini yozdi.

«Tramp va uning milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasi qotilliklar va urushni to‘xtatish uchun Rossiya va Ukraina mulozimlari bilan ikki tomonlama uchrashuv borasida muloqot qilmoqda. Bu mavzuni ommaviy ravishda muhokama qilish milliy manfaatlarga to‘g‘ri kelmaydi», — deyilgan Oq uyning Guardian nashri so‘roviga javoban izohida.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid