Jahon | 22:03 / 11.09.2025
14590
10 daqiqa o‘qiladi

Dohaga zarba orqali Netanyahu kimga va qanday signallar yubordi?

Isroilning Dohaga zarbasidan asosiy maqsadga erishilmadi – Hamas yetakchilari omon qoldi, ammo bu amaliyot «muhim murojaat» sifatida ko‘rilmoqda.

Foto: Reuters

Isroil hozircha Hamasning Dohadagi rahbarlariga zarbasi qay darajada muvaffaqiyatli bo‘lganini rasman e’lon qilmadi, ammo chorshanba kuni Isroil matbuotiga bergan izohlarida ba’zi yuqori martabali mulozimlar va harbiylar anonimlik sharti bilan guruhining besh yetakchisi ham omon qolganini aytishdi.

Shunga qaramay, isroilliklarning aksariyati – hukumatdagilardan tortib oddiy aholigacha – bu qadam o‘zini oqladi deb hisoblaydi. Hatto nishonlar yo‘q qilinishi bu operatsiyada eng muhimi emas, balki Hamasning boshqa mamlakatlarda yashirinish imkoniyatlari qanchalik torayib borayotganini ko‘rsatish muhimroq degan fikrlar ham bor.

Bundan tashqari, ba’zi ekspertlar fikricha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Hamasning yuqori martabali yetakchilari uchun yana bir boshpanaga aylangan Turkiyaga juda aniq signal yuborgan. Anqara va Tel-Aviv o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda uzil-kesil yomonlashdi va agar Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu signalni tushungan bo‘lsa, demak, Dohaga zarba berishdan kamida bitta maqsadga erishilgan.

Isroil rahbariyati yana qanday maqsadlarni ko‘zlagan va Isroilning o‘zidagilar operatsiya haqida nima deb o‘ylashmoqda?

Nishonlar yo‘q qilinmagan

Fotoda Hamasning Dohada zarbaga uchragan binoda bo‘lgan besh yetakchisidan uch nafari  Zohir Jabarin, Muhammad Darvesh va Xolid Mashaal (chapdan o‘ngga). Surat Ismoil Haniyaning dafn marosimida olingan

Isroil mudofaa vazirligi, razvedka va hukumatdagi turli manbalarga ko‘ra, aftidan, Dohaga berilgan zarbadan ko‘zlangan asosiy maqsadga erishilmagan.

Bir kun oldin Isroil Qatar poytaxtidagi binolardan biriga zarba yo‘llagandi, binoda bu vaqtda Hamas rahbariyatidagi asosiy shaxslardan iborat muzokarachilar guruhi bo‘lgani aytilmoqda – ular harakat rahbari vazifasini bajaruvchi Xolid Mashaal, siyosiy byuro rahbari o‘rinbosari Xalil al-Hayya, moliyaviy byuro rahbari Zohir Jabarin, Majlis ash-Sho‘ro kengashi rahbari Muhammad Ismoil Darvesh hamda siyosiy byuroning yuqori martabali a’zosi Nizar Avadallah.

«Ayni vaqtda terrorchilar o‘ldirilgani bo‘yicha hech qanday dalil yo‘q. Biz bunga umid qilishda davom etyapmiz, ammo optimizm so‘nib bormoqda», – degan Isroil hukumatidagi manba Channel 12 telekanaliga.

Kan telekanali ham yuqori martabali amaldor bo‘lgan suhbatdoshining «yakuniy natijalar hali ma’lum emas, ammo zarba kutilgan natijaga olib kelmagan bo‘lishi mumkin» degan so‘zlarini keltiradi.

Mudofaa va razvedka idoralaridagi ikki manba chorshanba kuni «aksariyat nishonlarga, balki, barcha nishonlarga zarba muvaffaqiyati»ni pessimistik baholashlarini aytishdi.

Chorshanba kuni bir qator musulmon mamlakatlarida Hamasni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu suratda Pokistondagi aksiya aks etgan. Foto: AFP

Hamas o‘ziga xos bo‘lmagan shoshqaloqlik bilan (odatda guruh haftalar davomida Isroilning o‘z rahbariyatiga qarshi harakatlariga sharh bermasdi) rahbariyat kengashining besh a’zosi ham tirik ekanini ma’lum qildi, biroq bunga dalillar taqdim etmadi.

Shu bilan birga, guruh xabarida aytilishicha, Isroil zarbasi oqibatida quyi bo‘g‘inning besh a’zosi, jumladan, siyosiy byuro rahbari o‘rinbosari Xalil al-Hayyaning o‘g‘li halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida al-Hayyaning uch nafar shaxsiy qo‘riqchisi va uning idorasi rahbari ham bor.

Ba’zi harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Isroilning seshanba kungi zarbasi hozirgi ko‘rinishdan aniqroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Isroil razvedkasi ta’kidlashicha, Hamasga yetkazilgan zararni baholash davom etmoqda.

O‘yin qoidalari o‘zgardimi?

Dohaga zarba berish orqali Netanyahu butun dunyoga muzokaralar jarayoniga ortiq ishonmasligini bildirgani haqida xavotirlar bor. Foto: AFP

Isroilda ko‘pchilik Qatar operatsiyasini o‘zini oqlagan deb hisoblaydi.

«Bu butun Yaqin Sharqqa murojaat», – deb yozdi Knesset spikeri Amir Oxan X platformasidagi postida arab tilida.

Va bu fikr mamlakatda keng tarqalgan. BBC suhbatdoshlariga ko‘ra, «o‘z hayotini Isroilni yo‘q qilish maqsadiga bag‘ishlagan jangarilar hech qayerda va hech qachon immunitetga ega bo‘lmasligini bilishi kerak».

Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Set Frantsmanning so‘zlariga ko‘ra, 30 yil davomida Dohadagi Hamas yetakchilari jangdan xavfsiz masofada hashamatda yashab, u yerdan terror mashinasini boshqargan holda yetakchilik imtiyozlaridan bahramand bo‘lgan.

Ular uch yildan beri Qatarda o‘tirib garovga olinganlar kartasini o‘ynashmoqda, muzokaralarni cho‘zishmoqda, o‘z qabiladoshlarining taqdiri bilan o‘ynashmoqda, Isroil bundan charchagan va o‘yin qoidalarini o‘zgartirishga qaror qilgan, deydi BBC’ning Quddusdagi manbasi.

Bu Isroil Qatar muzokaralaridagi asosiy vositachi hududiga zarba berishi tufayli boshqa muzokaralar bo‘lmasligini anglatadimi?

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu Isroil yubormoqchi bo‘lgan signallardan biri bo‘lishi mumkin.

Qatar AQShning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchisi. Shu bilan birga, u 10 yildan ortiq vaqt davomida Hamas siyosiy rahbariyatiga boshpana berib kelmoqda. Foto: Corbis via Getty Images

Quddus jamoatchilik bilan aloqalar markazi prezidenti Den Daykerning tushuntirishicha, diplomatiya masalasida Isroil har doim xuddi undan kutilgani kabi G‘arb qoidalari bo‘yicha o‘ynagan.

G‘arb tushunchasida muzokaralar – bu oqilona fikrlaydigan tomonlar ishtirokidagi halol jarayon bo‘lib, unda murosa – bu fazilat, keskinlashuv esa muvaffaqiyatsizlikdir, deb tushuntiradi Dayker.

Uning fikricha, Hamas rahbariyati o‘nlab yillar davomida o‘z xavfsizligiga har qanday tahdidga qo‘lda qurol bilan javob berayotganiga asoslanib, Isroilni muzokaralar stoli atrofida nomunosib tomon sifatida ko‘rsatib, bu fikrlash tarzini ekspluatatsiya qilib kelgan.

Natijada, isroillik ekspertlar aytishicha, Isroil amalda Hamas qoidalari bo‘yicha muzokaralar olib borishga majbur bo‘lgan, garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar kechikishi Hamas uchun oqibatlarga emas, balki Isroilga yanada ko‘proq xalqaro bosimga olib keladigan vaziyatga tushib qolgan.

Dohaga zarba berish Isroilning muzokaralarga muammoni hal qilishning samarali vositasi sifatida munosabatini va umuman Yaqin Sharqda tartibga solishning G‘arb modeliga yondashuvini tubdan o‘zgartirganini anglatishi mumkin.

Va, aftidan, u endi har bir qadami uchun G‘arbning ma’qullovini kutmaydi, balki bir tomonlama harakat qilishga tayyor.

Garovga olinganlar taqdiri

Garovga olinganlarning suratlarini Isroilning istalgan nuqtasida ko‘rish mumkin, butun mamlakat qolgan 48 kishining qaytishiga umid qilmoqda, ulardan faqat 20 ga yaqini tirik. Foto: SOPA Images

Isroilda hamma ham Isroilning Dohaga hujumini qo‘llab-quvvatlamaydi. Ko‘plab muxolifatchi siyosatchilar va garovga olinganlarning oilalari bu Hamas tomonidan hali ham ushlab turilgan mahbuslarning ahvolini yanada og‘irlashtiradi, deb hisoblamoqda. Ba’zilar fikricha, endi hech kimni tirik qaytarib bo‘lmaydi.

«Ehtimol, shunday deb o‘ylaydigan odamlar haqdir. Bu epizod garovga olinganlar uchun halokatli bo‘lishi mumkin va bu dahshatli bo‘lardi», – deydi BBC bilan suhbatda Isroil Tashqi ishlar vazirligidagi maxsus vakil Fler Hassan-Nahum.

Ammo u, shuningdek, Hamas yetakchilari qanchalik zaif ekanliklarini tushunganlaridan so‘ng, guruh taslim bo‘lishi va «o‘zlari boshlagan va yutqazayotgan» urushni tugatishi mumkinligini ham istisno qilmaydi.

Biroq, harbiy harakatlarni hozirgacha betaraf bo‘lgan mamlakat hududiga ko‘chirish – deyarli uch yildan beri qarindoshlarini qutqarish uchun Netanyahudan o‘t ochishni butunlay to‘xtatishni talab qilayotgan isroilliklarning so‘rovlari va umidlariga mutlaqo ziddir.

Asirlarning oilalari manfaatlarini himoya qiluvchi «Garovga olinganlar va bedarak yo‘qolganlarning oilalari forumi» nohukumat tashkiloti chorshanba kuni «Dohadagi voqealar rivojini chuqur tashvish va jiddiy xavotir bilan kuzatib borayotgani»ni ma’lum qildi.

«Biz garovga olinganlar qanday to‘lov qilishi mumkinligi haqidagi falaj qiluvchi qo‘rquv ichida qolganmiz. Biz asirlikdan omon qolgan va qaytib kelganlardan [Isroil hujumlaridan keyin] garovga olinganlardan shafqatsizlarcha qasos olinishini bilamiz», – deyiladi Forum bayonotida.

«Ehtimol, xuddi shu daqiqalarda bosh vazir mening Matanimni o‘ldirgan, uning taqdirini oldindan belgilab qo‘ygandir. Kimki o‘z xatti-harakatlari bilan o‘g‘limning hayotini qasddan xavf ostiga qo‘yayotgan bo‘lsa, uni o‘ldirmoqda», – dedi garovdagi Matan Zangaukerning onasi, taniqli isroillik faol Eynav Zangauker.

Chorshanba kuni «Garovga olinganlar va bedarak yo‘qolganlarning oilalari forumi» a’zolari hukumatga murojaatida yaqin soatlarda ularga garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha keng qamrovli kelishuv rejasini taqdim etishni talab qilishdi.

Mavzuga oid