Jahon | 08:54 / 20.09.2025
2252
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya ma’lumotlar o‘g‘irlanishi oqibatida 289 mlrd yevro zarar ko‘rdi

Bitkom raqamli assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Germaniya kompaniyalarining 87 foizi so‘nggi 12 oy ichida ma’lumotlar va kompyuterlar o‘g‘irlanishi, sanoat josusligi va diversiyalarni boshdan kechirgan.

Foto: Sirinarth Mekvorawuth/Zoonar/picture alliance

Ma’lumotlarni o‘g‘irlash, sanoat josusligi va diversiyalar Germaniya iqtisodiyotiga so‘nggi 12 oy ichida 289,2 milliard yevro zarar yetkazdi. Berlinda Bitkom raqamli assotsiatsiyasi tomonidan taqdim etilgan iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha hisobotga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga yuqori. Hisobotga ko‘ra, kiberjinoyatlarning eng keng tarqalgan manbalari Rossiya va Xitoy hisoblanadi.

Tadqiqotni tayyorlashda Bitkom, o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, turli sohalardagi mingdan ortiq kompaniyalarni o‘rgangan. Kompaniyalarning 87 foizi ma’lumotlar va kompyuter o‘g‘irlanishi, raqamli yoki analog sanoat josusligi yoki diversiyalarni boshdan kechirganini ma’lum qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili xuddi shunday so‘rovda qatnashgan respondentlarning 81 foizi bunday ma’lumotlarni taqdim etgan.

Hisobotga ko‘ra, surishtiruvlar Rossiya va Xitoydan jinoyatchilar ishtirok etishi mumkinligini ko‘rsatgan voqealar soni o‘tgan yil davomida ham oshgan. Misol uchun, so‘rovda qatnashgan kompaniyalarning 46 foizi so‘nggi 12 oy ichida kamida bir marta Rossiyadan kiberhujumga uchraganini bildirdi. O‘tgan yili kompaniyalarning 39 foizi bu haqda xabar bergan. Bu yil kompaniyalarning 46 foizi Xitoy bilan bog‘liq josuslik urinishi haqida ham xabar berdi, bu o‘tgan yili 45 foiz edi.

Mavzuga oid