Jahon | 18:22 / 18.10.2025
7488
2 daqiqa o‘qiladi

«Buni onang qildi» - Oq uy matbuot kotibi jurnalistga qo‘pollik qildi, Tramp uning yonini oldi

Kerolayn Levitt matbuot anjumani chog‘ida jurnalistga qo‘pollik bilan javob qaytardi. Keyinchalik, Tramp uning «hech qachon» ishdan bo‘shatilmasligini aytdi.

Foto: Chip Somodevilla / Getty Images

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt 17 oktyabr kuni HuffPost jurnalistining Budapeshtni Tramp va Putin uchrashuvi o‘tkaziladigan joy sifatida kim tanlagani haqidagi savoliga qo‘pollik bilan javob qaytardi.

«Buni onang qildi», dedi u jurnalistga, shuningdek, qo‘shimchasiga: «O‘zingizni umuman nashr deb hisoblashingiz kulgili. Sen o‘ta so‘l «yozuvchisan», seni hech kim jiddiy qabul qilmaydi, shu jumladan media sohasidagi hamkasblaring ham, shunchaki ular buni senga aytmaydi. Menga nosamimiy, noxolis va ahmoqona savollaringni yozishni bas qil», deb ta’kidladi.

Levittga savol bergan HuffPost xodimi 2021 yilda nomida «foydali ahmoq» so‘zlari bo‘lgan Tramp haqidagi kitobni yozgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z samolyoti bortida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Levittning yonini oldi. Undan matbuot kotibini almashtirish kerakmi yoki yo‘qligi so‘raldi. U «hech qachon bunday bo‘lmaydi» degan xulosaga keldi. Shuningdek, uning tashqi ko‘rinishi haqidagi izohlar bilan javob berdi. «Bu yuz... va bu lablar, ular pulemyot kabi harakatlanadi, shunday emasmi?», deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Kerolayn Levitt 2024 yilda Donald Trampning prezidentlik kampaniyasi matbuot kotibi vazifasini bajargan. 2025 yil yanvarida Oq uy matbuot kotibi etib tayinlandi. 28 yoshli Levitt AQSh tarixidagi Oq uyning eng yosh matbuot kotibi hisoblanadi.

Mavzuga oid