Jahon | 09:22 / 23.10.2025
3014
7 daqiqa o‘qiladi

YeI sammiti: ittifoqchilar Ukraina atrofida birlashmoqda

Sammitda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida YeI mamlakatlari yetakchilari Kiyevga RFning muzlatilgan aktivlarini topshirish rejasini, shuningdek, kelgusi muzokaralarda mamlakatga zarur qo‘llab-quvvatlashni muhokama qilishi kerak.

Foto: Nicolas Economou/NurPhoto/picture alliance

Payshanba, 23 oktyabr kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining eng oliy organi — Yevropa Kengashi majlisi bo‘lib o‘tadi. Uning raisi Antoniu Koshta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni taklif etgan, u sammitning birinchi qismida shaxsan ishtirok etadi. U YeI mamlakatlari yetakchilari oldida chiqish qilib, mamlakatdagi vaziyatni, Rossiya hujumlari kuchayib borayotgan sharoitda ukrainaliklarning ehtiyojlarini va Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni muhokama qiladi.

Shundan so‘ng Ukrainaga doir mavzular Zelenskiysiz davom etadi. YeI davlat va hukumat rahbarlari kun tartibida Rossiyaga nisbatan 19-paket sanksiyalarni ma’qullash, YeIda muzlatilgan rus aktivlari hisobidan Ukrainaga reparatsiya krediti ajratishga prinsipial rozilik, otashkesim haqidagi kelgusi muzokaralarda Kiyevni diplomatik qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlik kafolatlari masalalari bor.

AQSh prezidenti Donald Trampning Vladimir Putin bilan uchrashuvi noma’lum muddatga kechiktirilganini hisobga olgan holda ham, Ukraina va uning ittifoqchilari keyingi qadamlarga tayyorgarlik ko‘rishga intilmoqda.

Sammit arafasida ko‘plab diplomatlar Ukrainaga maksimal qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish niyati haqida gapirib, prezident Zelenskiy istalgan muzokaralarda «o‘zini xotirjam his qilishi» uchun shart-sharoit yaratish lozimligini ta’kidladi. Bundan tashqari, YeI mamlakatlarining pozitsiyasi Ukraina hududiy yaxlitligi masalasida o‘zgarmas: muhokama qilib bo‘lmaydigan nuqtalar bor, deydi ular.

«Biz ushbu mavzular bo‘yicha yetakchilardan direktivalar olishni maqsad qilganmiz», — dedi Bryusseldagi brifingda YeIning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri. Ma’lumki, Slovakiya oxirgi paytgacha 19-sanksiyalar paketini ma’qullashdan bosh tortgan, Belgiya esa o‘zida saqlanayotgan RFning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bilan bog‘liq ehtimoliy xatarlardan hali ham xavotirda.

Shunga qaramay, Bryusseldagi diplomat va amaldorlar bu qiyin qarorlar baribir qabul qilinishini kutmoqda. Shuningdek, ularning optimizmi Ukrainaga oid barcha tashabbuslarni bloklab kelayotgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning muhokamada yo‘qligi bilan bog‘liq emas.

Yevropa Kengashi qoidalariga ko‘ra, agar uning a’zosi majlisda hozir bo‘lmasa, undan kimdir vakillik qilishi kerak. Orban Vengriyadagi Respublika kuni munosabati bilan kechikib, «Ukraina bloki»ni o‘tkazib yuboradi, shu sabab u o‘z ovozini slovakiyalik hamkasbi Robert Fitsoga topshirgan. Fitso esa ushbu ovozdan Orban ko‘rsatmasiga muvofiq foydalanishi shart.

Demak, bu — Orban Yevrokengash yig‘ilishlaridan birida «qahvaga chiqib ketgan» vaziyatdan farq qiladi: o‘shanda u rasman majlisda hozir bo‘lgan va konsensusni buzmagan holda faqat ovoz berishdan tiyilgan edi. O‘sha kuni so‘z Ukraina bilan YeIga a’zo bo‘lish muzokaralarini ochish haqida borayotgandi, keyinchalik Orban bu jarayonni yana to‘sib qo‘ydi.

Shunday ekan, Bryussel diplomatik doiralaridagi kulis ortidagi o‘yinlarga qaramay, Orban yo‘qligidan foydalanib Ukraina bilan YeIga a’zo bo‘lish muzokaralarining barcha bo‘limlarini ochib yuborish — «fantastika sohasi»dan.

YeI yetakchilari Ukrainaga RFning muzlatilgan aktivlari hisobidan reparatsiya krediti berish masalasini muhokama qiladi. Oktyabr boshida Yevrokomissiya ushbu mablag‘larni Kiyevga musodara jarayoniga murojaat qilmasdan — taxminan 140 mlrd yevro — yetkazish bo‘yicha texnik taklifni taqdim etgan edi. Sammitda ushbu taklifning detallari bo‘yicha qaror qabul qilinmaydi, ammo siyosiy tushunishga erishish va harakatlar yo‘nalishini belgilash kutilmoqda.

Yevrokomissiya Belgiyadagi Euroclear depozitariyida naqd ko‘rinishida saqlanayotgan muzlatilgan aktivlarni YeIning qarz instrumentlariga joylashtirishni taklif qilmoqda. «Bu maxsus qarz shartnomasi bo‘ladi, — deb tushuntirgan edi Yevrokomissiya amaldori. — YeI ushbu pullarni Ukrainaga cheklangan qaytarish huquqi bilan kredit berish uchun ishlatadi, bu esa ushbu holatda Ukraina kreditni faqat Rossiya harbiy reparatsiyalarni to‘laganidan keyingina qaytarishi kerakligini anglatadi. Shu bilan birga, Rossiyaning Euroclear’ga nisbatan da’vogarlik huquqi saqlanib qoladi — bu juda muhim. Shunday qilib, rus aktivlarining bir qismi bo‘yicha, aslida, hech narsa o‘zgarmaydi: Rossiyaning qarzi avvalgi darajada qoladi».

YeIda aytilishicha, Yevrokomissiyaning texnik ishlarisiz mamlakatlar ushbu yondashuvni muhokama qilishni ham boshlay olmagan bo‘lar edi. YeI sammiti natijalaridan biri sifatida Yevrokomissiyaga rasmiy mandat berilishi kutilmoqda, unga asosan komissiya mamlakatlar aytgan mulohazalarni hisobga olgan holda o‘z taklifini ishlab chiqishni davom ettiradi.

RFning muzlatilgan aktivlariga nisbatan yangi yondashuv sabab Belgiyada jiddiy xavotirlar, boshqa davlatlarda esa ko‘plab savollar yuzaga keldi. Masalan, Belgiyaga boshqa YeI davlatlari qanday kafolatlar berishi kerak, ularning hajmi qanday aniqlanadi, mablag‘lar qayerga yo‘naltiriladi, Ukraina ulardan qay darajada erkin foydalana oladi? Agar Belgiya uchun kafolatlar YeI a’zo davlatlari budjetidan ta’minlanadigan bo‘lsa, Yevrokomissiya ularni har qanday mablag‘ yo‘qotilishi xavfidan saqlaydigan mustahkam huquqiy asos ishlab chiqishi lozim.

Diplomatlar aytishicha, Belgiya huquqiy kafolatlarni ta’minlash va sud da’volarining oldini olish uchun Yevrokomissiya bilan texnik ishlarni davom ettirmoqda, barcha YeI mamlakatlari Belgiyani himoya qilish, ya’ni risklarni u bilan bo‘lishish zarurligiga rozi. Idealda YeIning maqsadi — Ukrainaga kredit to‘lovlarini 2025 yil oxiri — 2026 yil boshigacha yo‘lga qo‘yish.

Rossiyaga nisbatan 19-paket sanksiyalar borasidagi yakuniy matn sammit arafasida YeI mamlakatlari tomonidan ma’qullandi — Slovakiya o‘z e’tirozlarini qaytarib olganidan so‘ng. Sanksiyalarni qabul qilish uchun yakdil qaror talab qilinadi, shuning uchun qator davlatlar va Yevrokomissiya Bratislava bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Ma’lumki, yangi paket, jumladan, 2027 yil yanvardan Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) import qilishni taqiqlash, rus diplomatlarining YeI hududida erkin harakatlanishini cheklash, ukrain bolalarini noqonuniy tarzda Rossiyaga olib ketishda aloqador shaxslarga sanksiyalar, «soyadagi flot»ning yana 118 ta kemasiga nisbatan jazo choralari, Rossiya banklariga yangi cheklovlar va G‘arb cheklovlarini chetlab o‘tishga ko‘maklashayotgan uchinchi mamlakat kompaniyalariga sanksiyalarni o‘z ichiga oladi.

Diplomatlardan birining aytishicha, 2025 yil oxirigacha RFga nisbatan navbatdagi — 20-sanksiyalar paketi bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.

Mavzuga oid