O‘zbekiston | 15:43 / 24.11.2025
861
2 daqiqa o‘qiladi

Sanoat korxonalariga zararli tashlamalarni 2 baravar kamaytirish talabi qo‘yildi

Atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirish maqsadida sanoat korxonalariga 2025 yil 1 dekabrgacha zararli tashlamalar hajmini kamida 2 baravarga qisqartirish vazifasi yuklatildi. Majburiyatlar bajarilmagan taqdirda kompensatsiya to‘lovlari sezilarli darajada oshiriladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, atmosfera havosini muhofaza qilish chora-tadbirlari 2023 yil 31 mayda qabul qilingan prezident farmoni hamda 2024 yil 25 noyabrdagi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida qat’iylashtirilgan.

Unga muvofiq, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalari quyidagi muddatlarda ekologik talablarni to‘liq bajarishi shart: I toifaga kiruvchi korxonalar – 2026 yil 1 yanvargacha; II toifa korxonalar – 2026 yil 1 iyulgacha.

Shu muddatlarga qadar korxonalar:

  • avtomatik atmosfera monitoring stansiyalarini o‘rnatib, ularni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi organlariga ulashlari;
  • yuqori samaradorlikka ega chang-gaz hamda suv tozalash uskunalarini o‘rnatish yoki mavjudlarini modernizatsiya qilishi;
  • sanitar himoya zonalarini avtomatik kuzatuv postlari bilan jihozlashi zarur.

Qayd etilishicha, ushbu majburiyatlar bajarilmagan hollarda atrof-muhitni ifloslantirish uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravargacha oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Mutasaddi idoralar mazkur choralar shahar va sanoat hududlarida havo sifati yaxshilanishi, aholi salomatligiga salbiy ta’sirni kamaytirish va korxonalarning ekologik javobgarligini oshirishga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid