Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya TIV rahbari: Rossiya va Ukraina to‘rt yillik urushdan so‘ng tinchlikka tayyor
To‘rt yilga yaqin davom etayotgan urush davomida ham Rossiya, ham Ukraina inson fojiasi ko‘lamini ko‘rdi va o‘z chegaralarini anglab yetdi. Hozir ular avvalgidan ko‘ra ko‘proq tinchlikka tayyor, deb hisoblaydi Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan.
Foto: Türkiye Dışişleri Bakanlığı
Ukrainada to‘liq miqyosdagi urush boshlanganiga deyarli to‘rt yil o‘tganidan so‘ng ham Moskva, ham Kiyev tinchlik shartnomasi tuzishga avvalgidan ko‘ra ko‘proq tayyor, deb hisoblaydi Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan. U shunday fikrni Welt am Sonntag gazetasiga bergan intervyuda bildirdi, suhbat matni yakshanba, 30 noyabr kuni nashr saytida e’lon qilindi.
«To‘rt yillik halokatli urushdan so‘ng har ikki tomon tinchlik tuzishga avvalgidan ko‘ra ko‘proq tayyor. Ular inson fojiasi va vayronagarchilik ko‘lamini ko‘rdi va o‘z chegaralari qayerda ekanini tushundi», — dedi Turkiya diplomatiyasi rahbari tinchlik shartnomasi tuzish imkoniyatlari oldingi tashabbuslar bilan solishtirilganda qay darajada ekani haqidagi savolga javob berib.
Fidan, u 13 yil davomida Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT)ga rahbarlik qilgani va hanuzgacha prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning eng ishonchli odamlaridan biri hisoblanishini esga olgan holda, qo‘shimcha qildi: «Janob Putin ham ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda tinchlik kelishuviga rozi bo‘lishga tayyor». «Bu pozitsiya Ukraina tomoniga yetkazilgan va biz bu borada ma’lum yo‘nalishlarda faol ishlayapmiz. Bu urush Rossiya uchun ham juda katta xarajatlarni anglatadi», — dedi u.
Moskva Ukraina hududida NATO qo‘shinlari joylashishiga qarshiligini hisobga olgan holda, Kiyev qanday xavfsizlik kafolatlarini olishi mumkinligi haqida fikr yuritar ekan, Fidan shunday dedi: «NATO kuchlari — NATOga tegishli bo‘lishi shart bo‘lmagan xalqaro kuzatuvchi kuchlar bilan bir hil emas. Hozir muhokama qilinayotgan eng asosiy element — bu Ukraina uchun AQSh tomonidan NATO shartnomasining 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolati (ya’ni NATOning bir a’zosiga qilingan hujum barcha a’zolarga qilingan hujum sifatida qaraladi – tahr.)».
Turkiya tashqi ishlar vaziri Ukraina xavfsizlik kafolatlarining yana bir muhim qismi — ukrain qurolli kuchlari salohiyati ekanini eslatdi. «Yevropa mamlakatlari haqli ravishda aytmoqdaki, suveren davlat bu masala bo‘yicha qarorni mustaqil qabul qiladi. Rossiya esa, aksincha, (Ukraina qurolli kuchlari soni bo‘yicha – tahr.) yuqori chegarani o‘z xavfsizligiga doir kafolatning bir qismi deb hisoblaydi», — deya u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik shartnomasini tuzish uchun hal etilishi lozim bo‘lgan muammoni tasvirlab berdi.
Intervyuning keyingi qismida Fidan Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelajakdagi tinchlik kelishuvi Yevropaning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan moddalarini «e’tibor bilan o‘rganish» zarurligini ta’kidladi. «Men buni kelgusidagi hujumlar oldini olish uchun tarixiy imkoniyat deb bilaman», — dedi u.
«Bunday kelishuvda, qaysi sababga ko‘ra bo‘lishidan qat’i nazar, tomonlardan biri ikkinchisiga hujum qilmasligi haqida aniq majburiyatlar bo‘lishi kerak. Agar bunda kelishish mumkin bo‘lsa, bu mintaqada yana 50, 60, 70 yillik tinchlikni, balki undan ham ko‘proqni anglatishi mumkin», — deb tushuntirdi Turkiya TIV rahbari.
«Turkiya Rossiyani tahdid deb biladimi?» degan savolga javob berib, Hoqon Fidan quyidagilarni eslatdi: «Ko‘plab nizolarda biz Rossiya bilan qarshi tomonlarda bo‘lganmiz, masalan, Suriyada va Liviyada. Shu jihatdan biz ham Yevropa mamlakatlari his etayotgan ko‘p narsani his qilyapmiz».
«Farq shundaki, biz Rossiya bilan muloqotni hech qachon to‘xtatmaganmiz, — dedi u. — Agar manfaatlarimiz haqorat qilinsa, biz javob beramiz. Lekin qo‘shnimiz bilan uzoq muddat davomida doimiy qarama-qarshilik holatida qolishga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Turkiya barcha qo‘shnilari bilan do‘stona munosabatlarni saqlashni istaydi. Biz hech qachon muammo yaratadigan tomon bo‘lishni xohlamaymiz».
Mavzuga oid
22:15 / 12.12.2025
Putinni hibsga olishga order bergan XJS sudyasi Rossiyada sirtdan hukm qilindi
21:28 / 12.12.2025
Donald Tramp uchinchi jahon urushi xavfi haqida ogohlantirdi
20:35 / 12.12.2025
Zelenskiy Kupyanskka keldi. Putinga bu shahar olingani haqida ikki bor hisobot berilgandi
16:01 / 12.12.2025