Jahon | 11:28
564
3 daqiqa o‘qiladi

GFR razvedkasiga diversiyalar va javob kiberhujumlariga ruxsat berilishi mumkin

Germaniya kansleri idorasi nemis tashqi razvedkasi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini tayyorladi. Islohot BND’ni diversiyalar uyushtirish va kiberhujumlarga javob qaytarishga qodir maxsus xizmatga aylantirishi mumkin.

Foto: Imago

Germaniya Federal razvedka xizmati (BND — tashqi razvedka) yanada keng vakolatlarga ega bo‘lishi mumkin — bu vakolatlar, jumladan, uning xodimlariga xorijda diversiyalar uyushtirish imkonini ham beradi. Bu Germaniya federal kansleri idorasi tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi qoralama nusxasidan kelib chiqadi. U 18 dekabr, payshanba kuni WDR va NDR telekanallari hamda Süddeutsche Zeitung gazetasi tomonidan e’lon qilindi.

Jurnalistlar yozishicha, yangi vakolatlar BND’ga Germaniya infratuzilmasiga qarshi xorijdan uyushtirilgan hakerlik hujumlariga javob qaytarish, sun’iy intellekt yordamida katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va yuzni tanish texnologiyalaridan foydalanish imkonini beradi. Qonun loyihasida, shuningdek, BND agentlari sud qarorisiz kvartiralarga kirishi va ularga kuzatuv uchun maxsus texnika o‘rnatishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.

Bunday keng vakolatlar BND’ga faqat istisno holatlarda berilishi ko‘zda tutilmoqda. Masalan, Germaniyada yoki ittifoqchi davlatda xavfsizlik va tartib to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ostida qolsa, deb ko‘rsatilgan qonun loyihasida.

Süddeutsche Zeitung qayd etishicha, yangi vakolatlar nemis razvedkasining tabiatini tamoman o‘zgartirib yuborishi mumkin. Hozirgi paytda BND asosan razvedkaviy faoliyat — ma’lumot to‘plash va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Yangi vakolatlar esa BND’ni maxsus operatsiyalar o‘tkaza oladigan to‘liq qudratli maxsus xizmatga aylantiradi.

Germaniya federal hukumati BND’ni isloh qilishni istaydi — maqsad nemis razvedkasini raqobatbardoshroq qilish. Qonunchilikda mustahkamlangan tegishli vakolatlar yo‘qligi sabab, BND doim boshqa mamlakatlar maxsus xizmatlaridagi hamkasblariga murojaat qilishga majbur bo‘lib kelgan. Xususan, Germaniya hududida terrorchilik hujumlarining oldini olish uchun.

2024 yil kuzida Bundestagda chiqish qilgan o‘sha paytdagi BND rahbari Bruno Kal Federal konstitutsiyani himoya qilish idorasi (BfV) va Harbiy razvedka xizmati (MAD) rahbarlari bilan birga GFR parlamenti deputatlaridan ko‘proq vakolat so‘ragan edi. Rossiya tomonidan kelayotgan tahdidlar va xalqaro terrorizm fonida nemis maxsus xizmatlariga “manyovr qilish uchun ko‘proq operativ imkoniyat” kerak, degan edi o‘shanda Kal.

Mavzuga oid