Iqtisodiyot | 14:37
427
2 daqiqa o‘qiladi

Latviya O‘zbekiston bilan logistika va multimodal loyihalarga qiziqmoqda

Latviyada O‘zbekistonning investitsiya va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirda latviyalik ishbilarmonlar transport-logistika, tranzit yo‘nalishlari va multimodal loyihalar bo‘yicha hamkorlikka qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida 2026 yil mart oyida latviyalik tadbirkorlardan iborat biznes-missiyaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foto: “Dunyo” AA

O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi tomonidan ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Latviyaning 30 ga yaqin ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Ularda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirish, erkin iqtisodiy va industrial zonalar imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazildi.

Xorijiy investorlarga amaldagi imtiyozlar va preferensiyalar, shuningdek, mamlakat hududlarida sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, infratuzilma, logistika va xizmatlar sohalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Taqdimotda iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ham yoritildi.

Tadbirning alohida qismi O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga bag‘ishlanib, madaniy-ma’rifiy, tarixiy va gastronomik turizmni rivojlantirish yo‘nalishlariga oid loyihalar taqdim etildi.

Latviya ishbilarmon doiralari vakillari, ayniqsa, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropaga eksport qilish yo‘nalishlarida hamkorlikka katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Latviyaning port, temir yo‘l va aviatsiya infratuzilmasidan foydalanish, yuk tashish hamda multimodal sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida 2026 yil mart oyida latviyalik tadbirkorlardan iborat biznes-missiyaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik sohalarda qo‘shma loyihalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid