O‘zbekiston | 13:56
10667
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana bir ayol hokim paydo bo‘ldi

Dilfuza Qambarova Sirdaryo viloyati Shirin shahri hokimi lavozimiga tayinlandi. O‘zbekistonda tuman va shahar hokimi lavozimidagi ayol rahbarlar soni 6 nafarga yetdi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Dilfuza Yigitaliyevna Qambarova Sirdaryo viloyati Shirin shahri hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Shirin shahri xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Dilfuza Qambarova bunga qadar aksiyadorlik-tijorat Xalq banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy markazi Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy markaz boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

O‘zbekistonda 2020 yil fevral-mart oylarida ayol rahbarlarni hududlarga rahbar etib tayinlash an’anasi boshlangandi va o‘shanda birato‘la besh hududda ayol hokimlar ish boshlagandi. Keyinroq bu hokimlardan biri vafot etdi (Sadbarxon Mamitova, Bo‘ston tumani), biri ishdan olindi (Maqsuda Mustafoyeva, Qarshi shahri), yana biri yuqori lavozimga ko‘tarildi (Zulayho Mahkamova, To‘raqo‘rg‘on tumani). 

Ayol rahbarlarni hokim etib tayinlash keyin ham davom etdi va endilikda O‘zbekistonda tuman va shahar hokimi lavozimidagi ayol rahbarlar soni 6 nafarga yetdi.

Hozirda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida Dilfuza Uralova (2020 yil fevraldan buyon), Buxoro viloyati Olot tumanida Nargiza Ne’matova (2020 yil fevral), Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida Gavhar Alimova (2020 yil mart), Andijon viloyati Bo‘ston tumanida Sanobarxon Nosirova (2021 yil aprel) va Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida Nilufar Allaberganova (2023 yil oktyabr) rahbar bo‘lib ishlamoqda.

Sessiyada tumanga 2023 yil noyabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Niyoz Hazratqulov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan Shirin shahri hokimi lavozimidan ozod etilgan.

Niyoz Hazratqulov

Uning keyingi faoliyati haqida hozircha xabar berilmadi.

Mavzuga oid