O‘zbekiston | 11:15
1597
4 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt parking xizmatlari bozorda ustun ta’sirga ega deb topildi

Streetpark Systems (Poytaxt parking) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

Foto: Poytaxt parking

22 dekabr kuni Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Streetpark Systems» MChJ (Poytaxt parking) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

Qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu maqom xizmatlar bozorida kompaniyaning muzokara jarayonlariga ta’siri yuqori ekanini anglatadi. Shu munosabat bilan «Raqobat to‘g‘risidagi» qonunning 18-moddasi talablari eslatilib, ustun muzokara kuchiga ega deb topilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning raqobatni cheklashga va/yoki iste’molchilar hamda boshqa sub’yektlarning huquq va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlari taqiqlanishi qayd etildi.

Qonunga muvofiq, bunday sub’yektlar tomonidan quyidagi harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • tovarlarning muomalasi hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda qisqartirish;
  • iste’molchilarning zarur hajmdagi tovarni va lozim darajadagi sifatli tovarni olishga bo‘lgan huquqlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yish;
  • shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish;
  • tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish;
  • shartnoma tuzishga faqat kontragent tomonidan boshqa tovarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarni o‘zga xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan olishdan yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga realizatsiya qilishdan o‘zini tiyishi sharti bilan rozilik berish;
  • tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo‘la turib, shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etish;
  • tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kirishi uchun to‘siqlar yaratish;
  • narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qo‘llaniladigan tovarlar uchun belgilangan narxdan ortiq haq olish yoki narxlarni davlat tomonidan tartibga solish tartibini buzish, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar yoki bepul ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xizmatlar uchun haq olish;
  • boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni olishni yoki realizatsiya qilishni taqiqlash yoxud cheklash.

Raqobat qo‘mitasi mazkur normalar bozorda adolatli raqobat muhitini saqlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish va teng shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida pulli avtoturargoh tizimi joriy yil 8 may kuni ishga tushirilgandi.

Uni Streetpark Systems (Poytaxt Parking brendi) joriy etadi va boshqaradi. Narxlar hududga qarab soatiga 5000 so‘mdan 12000 so‘mgacha belgilangan. Avtoturargohning faqat dastlabki besh daqiqasi bepul hisoblanadi.

Xalq demokratik partiyasi Toshkentdagi pulli to‘xtash joylari narxlari qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlagandi. Partiya tariflar iqtisodiy asoslanishi va mablag‘lar qayerga tushayotgani, ularning qanday sarflanishi haqida ma’lumotlar ochiqlanishi kerakligini qayd etgan.

Mavzuga oid