O‘zbekiston | 16:09
620
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish loyihalarida “yashil” tamoyillar: talablar qat’iylashtirildi

2026–2028 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishda “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Yangi boshlanadigan obektlarni loyihalashda energiya tejovchi va ekologik toza yechimlar inobatga olinmasa, loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

2025 yil 27 dekabr kuni “2026–2028 yillarda O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–393-son) qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Qarorda qurilish obektlarini loyihalashda “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish alohida vazifa sifatida qayd etildi. Shuningdek, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan samarali foydalanishni tashkil etish, shu jumladan mazkur jamg‘armalarning 3,4 trln so‘m mablag‘larini oqilona yo‘naltirish belgilandi.

Ta’lim infratuzilmasini mustahkamlash maqsadida ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va obodonlashtirish ishlariga 150 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, dastur doirasida yangidan boshlanadigan obektlarni loyihalashtirishda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, shuningdek, ekologik toza hamda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish masalalari inobatga olinmagan bo‘lsa, bunday loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan loyiha qiymati BHMning 6 000 barobaridan yuqori bo‘lgan va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash loyihalari Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qamrab olinishi belgilandi.

Mavzuga oid