Jamiyat | 12:01
2990
7 daqiqa o‘qiladi

Fermerlar uchun suv solig‘i: yutuqlar va muammolar

Suvni eng ko‘p isrof qiluvchi soha – qishloq xo‘jaligimiz, eski sug‘orish tizimlari. “Suv pulli bo‘lsa, tejaladi” degan yondashuv bir tarafdan to‘g‘ri, biroq soliq joriy qilishning o‘zi kam – fermer mustaqil tadbirkorga aylanmaguncha, soha hech bir resursni tejashga qodir bo‘lmaydi. Kun.uz studiyasida suv solig‘i va suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Subsidiyani “yeb qo‘ygan” soliq

“So‘rovnomalarimizda 40 foizdan ortiq fermer har gektar yer uchun 1 million so‘mdan ko‘proq suv solig‘i to‘layotganini bildirdi. Vaholanki, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich aslida 300 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan edi”, — deydi Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov – Qarshidagi bir fermer misolida bu muammo yaqqol ko‘rinadi. U 13 gektar yerga tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatganiga qaramay, unga gektariga 22 million so‘m suv solig‘i hisoblangan. Bu miqdor u topshirgan paxta uchun olgan subsidiyani to‘liq “yeb yuborgan”. “Bir gektar paxta pishib yetilguncha o‘rtacha 6300 kubometr suv sarflanadi. Shuni 100 so‘mdan hisoblasak, bir gektar uchun 630 ming so‘m soliq chiqishi kerak. Ko‘plab fermerlarga gektariga 1 million – 1 million 200 ming so‘mdan soliq hisoblangan”, — deydi Ikromov.

Suv yetmaydi, ammo “plan” bor

“Eng jiddiy muammolardan biri — qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda hududning suv bilan ta’minlanganlik darajasi to‘liq hisobga olinmasligidir. Qonunchilikka ko‘ra, irrigatsiya bo‘limlari har bir yer konturining suv ta’minoti darajasini o‘rganib, shundan kelib chiqib ekin joylashtirish bo‘yicha xulosa berishi shart. Ammo amalda suv ta’minoti yetarli bo‘lmagan hududlarga ham suvni ko‘p talab qiladigan paxta va g‘alla ekish majburiyati yuklanmoqda”, – deydi Qo‘chqorali Abduvahob o‘g‘li f/x rahbari Qo‘chqorali Usmonov. “Kerakli suvning 50 foizidan kami bilan qanday qilib paxta yoki g‘alla yetishtirish mumkin?” — deya haqli savol qo‘yadi u.

Soha vakillarining fikricha, Suv xo‘jaligi vazirligi suv tanqis hududlarga ekin ekilishidan oldinroq aralashib, muammoning oldini olishi kerak.

“Nega Suv xo‘jaligi vazirligi oldindan chiqib: 'To‘xtanglar, biz bu yerga suv yetkazib bera olmaymiz. Kelinglar, boshqa turdagi ekinga o‘tkazaylik', deb taklif kiritmaydi?” — deya ta’kidladi Umonov. “Bunday siyosat fermerlarni, ishchilarni, umuman, butun aholini mavjud tartiblarga qarshi qilib qo‘yishi mumkin, chunki resurs bo‘lmagan joyda hosil undirishning iloji yo‘q” – deydi u.

Suv ta’minotidagi uzilishlar va byurokratik to‘siqlar

Studiya mehmonlarining aytishicha, suv hajmidan tashqari, uning notekis va uzuq-yuluq yetkazib berilishi ham samarali sug‘orishga to‘sqinlik qilmoqda.

“Suv ikki soat keladi-da, to‘xtab qoladi. Bir sug‘orish uchun limit 1200 kub. Suv 50 metrga yetib boradi va tamom. Yugurasiz, so‘raysiz, yana yo‘q... Keyin yana bir-ikki soatga kelib, o‘sha joygacha boradi-yu, tugaydi. Bu jarayonda suv sarfi ortadi, vaqt yo‘qoladi, ekin esa o‘smaydi”, — deydi Qo‘chqorali Usmonov.

Fermerning aytishicha, soliq idoralari hisobotni o‘z vaqtida topshirishni talab qilib, jarima bilan qo‘rqitadi. Ammo fermerlar suv ta’minoti korxonasi o‘z xatosini tuzatmaguncha, to‘g‘rilangan ma’lumotlarni tizimga kirita olmaydi.

“Viloyat soliq boshqarmasi 'Vaqtingiz tugayapti, jarima solaman, hisobotni topshiring, deyapti. Ular o‘z hisobotini tuzatib tasdiqlamaguncha, bizning hisobotimiz qabul qilinmayapti”, — deydi fermer.

Huquqiy asoslar va islohotlarning tub mohiyati

“Suv solig‘ini hisoblash bir nechta qonun va qonunosti hujjatlari, jumladan, Soliq kodeksi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident qarorlari bilan tartibga solinadi. Suv hisoblagich qurilmasi bo‘lmasa, soliq miqdori Soliq kodeksining 444-moddasiga asosan, ekin turining suv iste’moli normativi yoki belgilangan limitdan kelib chiqib hisoblanadi. Ekinlarni joylashtirish tizimi ham o‘zgargan. Ilgari bu jarayonda to‘rtta tashkilot qatnashar edi. Endilikda Prezidentning PF-130-sonli Farmoniga binoan, jarayon soddalashtirilib, ikkita idora dastlabki qarordan chetlatildi. Yangi tizimda Suv xo‘jaligi vazirligi har bir konturga qancha hajmda suv yetkaza olishini aniq ko‘rsatadi. Hozirda Vazirlar Mahkamasining 505-sonli qaroriga ham foizli noaniq ko‘rsatkichlardan voz kechib, hajmli aniq me’yorlarga o‘tish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda” – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurashid Qulmatov.

Xulosa va yechimlar

Xulosa qilib aytganda, suv solig‘i bilan bog‘liq muammolar bir nechta omilni o‘z ichiga oladi: hisoblash tizimidagi nomuvofiqliklar, raqamli platformaning kamchiliklari va eng asosiysi — suv resurslarini rejalashtirish va ekinlarni joylashtirish o‘rtasidagi uzilish. Bu muammolarni hal qilish uchun tizimni takomillashtirish zarur. Xususan oqilona rejalashtirish: suv ta’minoti darajasini real baholagan holda ekinlarni joylashtirish. Yangi texnologiyalar va sheriklik: suvdan foydalanish samaradorligini oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarini joriy etish va zamonaviy tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash.

Mavzuga oid